Qozonda “O‘zbek tili izohli lug‘ati”ning taqdimoti o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri maslahatchisi – Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolari huquqlarini himoya qilish va xalqaro iqtisodiy hamkorlik masalalari departamenti boshlig‘i Mehriddin Xayritdinov boshchiligidagi delegatsiya Tataristonga tashrifi doirasida O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi tashabbusi bilan Qozon kooperativ institutida tashkil qilingan «O‘zbek tilining izohli lug‘ati» kitobining taqdimotida ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi Favqulodda va muxtor elchisi B.Asadov, mamlakatimiz Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakillari qatnashdi.
5 jildlik yangi chop etilgan lug‘at institut rektori Alsu Nabiyevaga tantanali ravishda topshirildi. U O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolarini mazkur oliy o‘quv yurtida tashkil etilgan O‘zbek madaniyati markazi faoliyati bilan tanishtirdi.
A.Nabiyeva O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida erishilayotgan o‘zgarishlarni institut jamoasi katta qiziqish bilan kuzatib borishini qayd etdi.
Xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida o‘zbek tilida nutqida bugungi kunda dunyo ahlini qiynab kelayotgan ko‘pgina global muammolari, jumladan xalqaro xavfsizlik, global iqlim o‘zgarishi, gender tenglik masalalari, xalqaro terrorizmga qarshi kurashish, qashshoqlik va kambag‘allikni kamaytirish, koronavirus pandemiyasi va uning natijasida butun dunyoda yuz berayotgan iqtisodiy inqiroz oqibatlari hamda mavjud global muammolarni hal etish bo‘yicha ilgari surilgan tashabbuslar e’tirofga sazovorligini ta’kidladi.
Tadbirda Qozon kooperativ institutida o‘zbekistonlik yoshlar ham tahsil olayotgani va O‘zbekiston hududida yaqin kelajakda mazkur oliy o‘quv yurti filialini ochish istagi borligi ta’kidlandi.
Qozon kooperativ institutida tahsil olayotgan talabalar tomonidan tayyorlangan badiiy dastur yig‘ilganlarga manzur bo‘ldi.