O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Tezkor shtabi axboroti
O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsuli tashkiliy va boshqa masalalarni hal qilish uchun yurtdoshlarimiz to‘plangan joyda bo‘lib turibdi.
6-avgust kuni Orenburg viloyatining “Buzuluk” stansiyasidan 920 nafar vatandoshlarimiz bilan birinchi poezd O‘zbekistonga jo‘nab ketdi. Ikkinchisi 7-avgust kuni Samara viloyatining “Kinel” stantsiyasidan 930 nafar hamyurtlarimiz bilan jo‘naydi. Rossiya-Qozog‘iston chegarasida to‘plangan jami 1850 nafar O‘zbekiston fuqarolari yurtimizga qaytariladi.
7-avgust holatiga ko‘ra Orenburg va Samara viloyatlarida Rossiya-Qozog‘iston davlatlararo chegarasi yaqinida O‘zbekiston fuqarolarining to‘planishi kuzatilmayapti.
Vatanimizga qaytib kelganidan so‘ng O‘zbekiston fuqarolari Respublika maxsus komissiyasi tomonidan belgilangan talablarga qat’iy rioya qilgan holda karantinda bo‘lishlari shartligini eslatib o‘tamiz.
Ta’kidlash joizki, koronavirus infeksiyasi tarqalayotgan bir paytda ko‘p sonli fuqarolarimizning bir joyda to‘planishi ularning COVID-19 bilan kasallanish ehtimolini keskin oshiradi. Vatandoshlarimizdan Rossiya-Qozog‘iston davlatlararo chegarasini kesib o‘tish nuqtalariga bormasliklarini, hozirda bo‘lib turgan joylarida qolishlarini va barcha karantin talablariga qat’iy rioya qilishlarini yana bir bor so‘raymiz.
Hozirda Respublika maxsus komissiyasi tomonidan O‘zbekiston fuqarolarini Vatanimizga tezroq qaytarish uchun Rossiyadan reyslarni ko‘paytirish, qatnovlar yo‘nalishi va turlarini kengaytirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.