Amur viloyatida O‘zbekiston fuqarolari ishtirokidagi mojaro o’z yechimini topdi
Shu kunning o‘zida, mojaro tafsilotlarini aniqlash va uni hal qilishda ishtirok etish, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining qonuniy huquq va manfaatlari himoyasini ta'minlash maqsadida voqea joyiga Elchixona Bosh konsuli M.Xayriddinov yetib bordi.
Amur viloyati ma'muriyati, prokuratura va ichki ishlar organlari, “Renaissance Heavy Industries” kompaniyasi va uning subpudratchilari rahbariyati va vakillari bilan qator muzokaralar o‘tkazildi. Vatandoshlar bilan uchrashuvlar tashkil etilib, ularning noroziligiga sabab bo‘lgan omillar haqida batafsil axborotlar olindi.
Rossiya va Turkiya tomoni bilan hamkorlikda amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasi o‘laroq mummoning barcha uchun maqbul yechimi topildi va vaqtinchalik shaharchada tartib-intizom tiklandi. 2020 yil 16 iyuldan O‘zbekiston fuqarolari ish tashlashni to‘xtatib, ob'ektda mehnat faoliyatini yana boshladi.
Hozirgi vaqtda Rossiya Federatsiyasi tergov organlari tomonidan yuz bergan hodisa yuzasidan protsessual harakatlar amalga oshirilmoqda. Tekshiruvlar nafaqat tartibsizliklar ishtirokchilariga nisbatan, balki ish beruvchi tomonidan mehnat qonunchiligining buzilishi bo‘yicha ham olib borilayotir. O‘z navbatida, Elchixona mazkur jarayonda vatandoshlarimizning qonuniy huquq va manfaatlari buzilmasligi uchun barcha zaruriy chora-tadbirlarni amalga oshiradi.
Shu bilan birga, Elchixona yuzaga keladigan barcha muammolarni noqonuniy, zo‘ravonlik usullari, vayrongarchilik va shantaj orqali emas, balki tinch yo‘l bilan, muloqot va muzokaralar orqali hal qilish zarurligini ta'kidlaydi. Fuqarolarni tartibsizliklarga chorlagan barcha shaxslar javobgarlikka tortiladi hamda qonunda belgilangan tartibda jazolanadi.
Rossiya hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish maqsadida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarining qonuniy huquq va manfaatlari buzilgan taqdirda ular O‘zbekiston Elchixonasi va Bosh konsulxonalari, shuningdek, Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha agentlikning vakolatxonasiga murojaat qilishlari mumkin. Murojaat uchun raqamlar Elchixona saytida http://uzembassy.ru/page/870 havolasida joylashtirilgan.