Chuqur tahlil, tinimsiz mehnat va oqilona yondashuv boʻlsa, aniq natijaga erishamiz
Davlatimiz rahbari dastlab Pop tumanidagi “Nuran uz” meva-sabzavotchilik klasteri faoliyati bilan tanishdi.
Pop Namangan viloyatining hududi jihatidan eng katta tumani. Prezidentimizning foydalanishdan chiqib ketgan qishloq xoʻjalik yerlarini oborotga qaytarish toʻgʻrisidagi tegishli qaroriga muvofiq, tumandagi unumsiz yerlarni oʻzlashtirish boʻyicha dastur ishlab chiqildi.
Ushbu dasturga asosan “Nuran uz” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan Pop tumanidagi adirliklardan iborat 1 ming 885 gektar oʻzlashtirilmagan yerda meva-sabzavotchilik klasteri tashkil etildi. Joriy yilning bahorida bu yerda 100 gektarga oʻrik, 70 gektarga gilos koʻchatlari ekildi, 12 gektar yerda uzumzor barpo etildi.
Ispaniyadan keltirilgan “Magador”, “Maryblon 29c”, “Flopria” kabi hosildor navli oʻrik koʻchatlari ikki oydayoq nishona berdi. Bu bogʻ kelasi yil toʻliq hosilga kiradi va gektariga 70 tonnagacha meva beradi. Bir gektaridan 50 ming dollar daromad olish mumkin.
Klaster egalari bu bilan cheklanib qolmasdan, bogʻ qator oralariga qovun, tarvuz ekdi. Ayni kunlarda gʻarq pishgan shirin-shakar tarvuz-qovunlar Rossiya va boshqa bozorlarga eksport qilinmoqda. Eng muhimi, barcha meva va poliz mahsulotlari 100 foiz ekologik toza.
Qirq yillar mobaynida samarasiz yotgan yerlarda intensiv bogʻ yaratishga innovatsion asosda yondashilgan, suvni tejaydigan tomchilatib sugʻorish texnologiyasi joriy etilgan. Ushbu tizimni klasterning oʻzi qilgani 50 foiz mablagʻni tejash imkonini bergan. Buning uchun 180 metr chuqurlikdan suv chiqaradigan 4 ta quduq qazilgan. Toʻliq kompyuterlashtirilgan tizim suvni chanqagan yerlarga avtomatik tarzda taqsimlaydi. Yaʼni, hamma ish kompyuter orqali boshqariladi.
Bu – ikki bosqichli loyihaning dastlabkisi boʻlib, 2021-2022 yillarga moʻljallangan keyingi bosqichda yana 1 ming 455 gektar yer oʻzlashtiriladi. Loyiha toʻliq amalga oshgach, 350 ta ish oʻrni yaratiladi, yiliga 10 million dollarlik meva-sabzavot mahsulotlari eksportga yoʻnaltiriladi.
Ushbu foydalanilmay kelgan tashlandiq yerlarda obod bogʻ barpo etish oson boʻlgani yoʻq. Buning uchun yerga tuproq solindi, unumdor texnologiyalar olib kelindi. Bu, albatta, yurtimizda foydalanilmay, qarovsiz yotgan yerlarni oʻzlashtirib, aholiga daromad keltiradigan maydonlarga aylantirish boʻyicha boshlangan saʼy-harakatlarning natijasi.
Kelgusida klaster 500 gektarga naʼmatak, 200 gektarga Kaliforniya uzumini ekishni rejalashtirgan. Ushbu navli uzum toʻrtinchi yilda 100 kilogramm hosil beradi, jahon bozorida bir kilogrammining bahosi 37 yevro turadi.
Asosiysi, bu yerda taxminan dehqonchilik qilinmaydi, yaʼni ertaga qancha foyda olishi aniq. Qarovsiz choʻlni shunday bogʻu boʻstonga aylantirayotgan mirishkorlar tajribasini qishloq xoʻjaligi rivojlangan viloyatlar uchun oʻrnak qilsa arziydi. Mana imkoniyat yoʻq joydan daromad olish, mana aql bilan qilingan mehnatning natijasi.
Davlatimiz rahbari bogʻni koʻzdan kechirdi, shu yerda nuroniylar, qishloq xoʻjaligi xodimlari bilan suhbatlashdi.
Namangan viloyatida tumanlarni muayyan qishloq xoʻjalik ekinlariga ixtisoslashtirish, jumladan, Kosonsoy, Chortoq, Yangiqoʻrgʻon tumanlarini bogʻdorchilikka yoʻnaltirish lozimligi qayd etildi.
– Boshqa yoʻlimiz yoʻq. Yerimiz jannatmonand, bundan foydalanib, Namanganni boshqa hududlarga namuna qilishimiz kerak, odamlarni uygʻotishimiz lozim. Yilma-yil foydalanish sharti bilan yerini, urugʻini, koʻchatini, mablagʻini beramiz, qolgan harakat odamlarning oʻzidan boʻlishi kerak. Shunday qilmasak ertaga natijamiz boʻlmaydi, – dedi Prezident.
Shu yerda Namangan viloyatida qishloq xoʻjaligi sohasini rivojlantirishga oid loyihalar, istiqbolli rejalar muhokama qilindi. Davlatimiz rahbari qishloq xoʻjaligiga bunday yangicha yondashuv Oʻzbekistonning yangi qirralarini, yangi imkoniyatlarini amalda namoyon etadigan tizim boʻlishi kerakligini taʼkidladi.
Mutasaddilarga tumanlarni aniq ekin turlariga ixtisoslashtirish boʻyicha qaror loyihasini tayyorlash, bunda har bir hududning iqlimi, imkoniyatlarini hisobga olish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Chortoq tumani Baland adir hududida issiqxonalar majmuasini barpo etish loyihasi bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbari oʻtgan yili Namangan viloyatiga tashrifi chogʻida ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz, kam taʼminlangan, kambagʻal oilalar bandligini taʼminlash maqsadida doimiy daromad manbaiga koʻmaklashish yuzasidan topshiriqlar bergan edi. Ana shu topshiriq asosida viloyatda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan hamkorlikda “Bir joyda – ming oila issiqxonasi” loyihasi amalga oshirilmoqda.
Bu boradagi ishlar jadal boshlab yuborilgan. Jumladan, “Golden Nats Namangan” agro tomorqa xizmati MCHJ Baland adir dashtliklarida uzoq yillar davomida foydalanilmagan 36 gektar maydonda har biri 2 sotixli 1000 ta issiqxona qurmoqda.
Umumiy qiymati 13 milliard soʻm boʻlgan loyihaga Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasi hisobidan 6,7 milliard soʻm subsidiya va tijorat banklarining 6,3 milliard soʻmlik imtiyozli krediti yoʻnaltiriladi.
Hozirga qadar 800 issiqxona foydalanishga topshirildi. Ularda yiliga 7 ming tonna sabzavot mahsulotlari yetishtirish mumkin. Yana bir oydan soʻng qolgan 200 issiqxona ham tayyor boʻladi.
Prezidentga bu issiqxonalarning afzallik jihatlari, mavjud sharoitlar haqida maʼlumot berildi.
Mutaxassislar fikricha, issiqxonalarda “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida sifatli, eksportbop mahsulotlar yetishtiriladi, kambagʻal oilalar doimiy daromad manbaiga ega boʻladi. Yana bir qulayligi, mahsulotni yetishtirishda koʻchat, suv, mineral oʻgʻit hamda bozor taʼminoti yetakchi tadbirkor tomonidan kafolatlanadi.
Issiqxonalarda yiliga 3-marta hosil yetishtirish imkoni bor. Bitta issiqxonada 700 tup pomidor koʻchati ekilgan. Har bir tup koʻchatdan 4-5 kilogrammdan hosil olish mumkin. Demak, 1 kilogramm pomidorning oʻrtacha narxi 3 ming soʻm boʻlib turgan shu kunlarda, birinchi hosilning oʻzidan 7-8 million soʻm daromad qilsa boʻladi.
Loyiha asosida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ushbu hududdagi ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz, kam taʼminlangan, kambagʻal oilalar aʼzolarini qishloq xoʻjaligi kasblariga oʻqitish uchun Agrobiznes oʻquv mono markazini tashkil etdi. Markazda limonchilik, quyonchilik, asalarichilik, baliqchilik, chorvachilik kabi yoʻnalishlarda yiliga 2000 dan ortiq ishsiz fuqaro kasbga oʻqitiladi.
Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlashdagi ishlarni tizimli davom ettirish zarurligini taʼkidladi. Kamida 10 mingta ish oʻrni yaratish lozimligi qayd etildi.
– Odamlarimiz islohotlar samarasini sezishi kerak, – dedi davlatimiz rahbari. – Ularni rozi qiladigan tizim yaratishimiz zarur.
Shu yerda viloyatda kambagʻallikni qisqartirish, bandlikni taʼminlash, “Golden Nats Namangan” agro tomorqa xizmati MCHJ tomonidan intensiv bogʻdorchilikni (yongʻoq, bodom, olma va olcha) tashkil qilish, chorvachilik va sutni qayta ishlash loyihalari taqdimoti oʻtkazildi.
Shavkat Mirziyoyev Uchqoʻrgʻon tumani Norin daryosi boʻyida joylashgan noyob baliq turlarini ishlab chiqarish korxonasi “DB Group Eco” faoliyati bilan tanishdi.
Mamlakatimizda uzoq yillar davomida mazkur tarmoqni rivojlantirishga yetarli eʼtibor berilmadi. Bu baliqchilikning imkoniyatlarini chekladi, xoʻjaliklarda hosil yetishtirish kamayishiga sabab boʻldi. Hozir baliq yetishtirish nafaqat serdaromad soha, balki ijtimoiy ahamiyati katta ekani inobatga olinib, bu bilan shugʻullanayotgan tadbirkorlik subyektlariga subsidiya va imtiyozlar joriy etilmoqda.
Davlatimiz rahbari ushbu sanoat salohiyatini oshirish, aholi taomnomasini baliq mahsulotlari bilan boyitish, sohaga innovatsiyalarni joriy etish, togʻoldi hududlarda intensiv usulda baliq yetishtirib, eksport hajmini oshirish masalalariga koʻp marta toʻxtalgan. 2017-yilda “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi tashkil etildi. Mamlakatimizda jami 4000 ga yaqin baliqchilik xoʻjaligi faoliyat koʻrsatmoqda, ularda yiliga 190 ming tonna baliq yetishtirilyapti.
Hududlarda intensiv usulda baliq parvarishlash korxonalari soni ham ortib bormoqda. Jumladan, 2019-yilda Namangan viloyatida baliq yetishtirish 6 ming 932 tonnani tashkil etgan boʻlsa, joriy yilga kelib bu koʻrsatkich 20 ming tonnaga yetishi kutilmoqda.
Prezidentimizning 2018-yil viloyatga tashrifi davomida loyiha sifatida taqdimot qilingan “DB Group Eco” korxonasining loyiha qiymati 40 milliard soʻm boʻlib, shundan 28 milliardi bank krediti, 12,5 milliardi esa tashabbuskorning oʻz mablagʻidir.
Korxonaning yillik ishlab chiqarish quvvati 1500 tonna. Bu yerda Yevropa tajribasi asosida intensiv usulda forel, losos kabi noyob baliq turlarini yetishtirish yoʻlga qoʻyilgan. Uvildiriqlar va baliq ozuqasi Daniya va Germaniyadan keltiriladi.
Asosan chuchuk va kislorodga toʻyingan suvlarda yashaydigan, sovuqsevar ushbu baliq turlarini yetishtirish uchun korxona hovuzlariga suv Norin daryosidan quyiladi va suv aylanma oqim bilan yana daryoning oʻziga qaytadi. Bunda ortiqcha suv va energiya resursi sarflanmaydi.
Baliq uvildiriqdan to tovar holatiga yetguniga qadar 1-1,5 yil parvarishlanadi. Korxona tasarrufidagi 5 gektar joyda uvildiriq va chavoq yetishtirish uchun yopiq suv havzalari hamda 66 ta ochiq hovuz barpo etilgan. 100 ta ish oʻrni yaratilgan. Korxona toʻliq ishga tushgach, 2000 tonna baliq chavogʻi yetishtirish imkoniga ega boʻladi. Ayni vaqtda forel muzlatilgan holda, shuningdek, sovuq va issiq dudlangan, file va kam tuzlangan holatda ichki bozorga chiqarilmoqda.
– Bunday noyob baliq turlari aholi uchun hamyonbop boʻlishi kerak. Buning uchun esa baliq ozuqasi ishlab chiqarishni mahalliylashtirish zarur. Tannarx tushsa bozori chaqqon boʻladi, odamlar dasturxoniga baliq yetib boradi, tadbirkor ham foyda oladi, – dedi davlatimiz rahbari.
Forelni xalqimiz xonbaliq deb ataydi, u fosfor, omega-3 va omega-6 kabi yogʻ kislotalariga boy. Ushbu baliq isteʼmol qilinsa, inson qon-tomir va asab, xotira susayishi kabi xastaliklarga kam chalinadi. Shu sababdan xonbaliqqa nafaqat ichki, balki tashqi bozorda ham talab katta. Korxona yil soʻnggiga qadar 300 tonna baliq eksport qilishni rejalashtirgan.
Prezidentimiz bunday korxonalarning qurilish loyihalarida baliq yetishtirishning oʻziga xos jihatlarini inobatga olib, jiddiy yondashish lozimligini taʼkidladi. Uchqoʻrgʻon, Mingbuloq, Uychi, Pop va Norin tumanlarida 299 milliard soʻm qiymatga ega 75 ta yangi loyihani amalga oshirish koʻzda tutilgan.
Shu yerning oʻzida davlatimiz rahbari viloyatda qishloq xoʻjaligining baliqchilik, chorvachilik, parrandachilik, quyonchilik, asalarichilik, echkichilik tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.
Masalan, viloyatda 2020-yilda chorvachilik tarmogʻida 84 ta loyiha amalga oshiriladi, goʻsht va sutni qayta ishlash korxonalari tashkil etiladi.
Pop tumani azaldan echkichilikka ixtisoslashgan. Davlatimiz rahbari yoʻqolib ketgan shu tajribani qayta tiklash, jun yetishtirish va qayta ishlash boʻyicha klaster tashkil qilish, Pop va Chust tumanlaridagi 1500 xonadonga 20 mingta qoʻy va echkini shartnoma asosida tarqatish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Parrandachilik, asalarichilikni rivojlantirish boʻyicha kompleks dastur ishlab chiqish, Namangan shahrida 10 ming tonna eksportbop asal tayyorlash, qadoqlash va sotishga ixtisoslashgan kompleksni ishga tushirish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Namangan shahridagi “Yuksalish” kichik sanoat zonasida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi.
117 gektar maydonni egallagan mazkur sanoat majmuasida qurilish materiallari, mashinasozlik va metallga ishlov berish, elektrotexnika, toʻqimachilik va tikuvchilik kabi yoʻnalishlarda umumiy qiymati 1 trillion 208 milliard soʻmlik 95 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Bugungi kunga qadar 66,9 milliard soʻmlik 32 ta loyiha ishga tushirilgan boʻlib, 311,1 milliard soʻmlik ishlab chiqarish quvvatiga erishildi. Mazkur loyihalar toʻliq ishga tushsa, 7 ming 300 ta ish oʻrni yaratilib, yiliga 7,8 million dollarlik mahsulotlar eksport qilinadi.
Hozirgi kunda kichik sanoat zonasida shifer, poʻlatdan choksiz truba, metall mahsulotlarini qayta ishlash, suv nasoslari va elektr dvigatellar, momiq sochiq, yirik suv sigʻimlari hamda plastik quvurlar va qismlar, paypoq va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.
Davlatimiz rahbariga “Yuksalish” kichik sanoat zonasida “Flat Tile” masʼuliyati cheklangan jamiyatining kafel-keramika mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi taqdim etildi.
Yiliga 35 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarish quvvati yaratiladigan loyiha bosqichma-bosqich 2021-yilning II choragida ishga tushiriladi va 410 ta ish oʻrni yaratiladi, shuningdek, yiliga 15,3 million dollarga teng mahsulotni eksport qilish koʻzda tutilgan.
– Oʻzbekistonimizdek foydali qazilmaga boy zamin kamdan kam, – deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev. – Oʻzimizda shunday yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqarish uchun gʻoyat keng imkoniyatlar, tabiiy resurslar boʻla turib, ularni import qilardik. Nega? Chunki zamonaviy geologik tadqiqotlar, ekspeditsiyalar qilmasdik, ilm-fan orqali masalalarga yondashmasdik. Endi xomashyodan toʻgʻri, unumli foydalanish, undan bugungi kun talablariga javob beradigan tovarlar ishlab chiqarish uchun ilmiy asoslangan yechimlar topish vaqti keldi.
Prezident kichik sanoat zonasi hududidagi erkaklar kostyumi, kurtka va palto ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Zamin kiyim sanoat” korxonasida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan ham tanishdi. Qiymati 24 milliard soʻmga teng loyihaga koʻra yiliga 10 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqariladi va 300 ming dollar miqdoridagi mahsulotlar eksportga chiqariladi. 300 kishi ish bilan taʼminlanadi.
Davlatimiz rahbari kichik sanoat zonasida faoliyat koʻrsatayotgan qator korxonalar mahsulotlari koʻrgazmasi bilan tanishdi.
Namangan viloyatida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish salohiyati, hududda 2020-2021 yillarda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari, kambagʻallikni qisqartirish borasida amalga oshiriladigan ishlar, oʻzini oʻzi band qilish yuzasidan batafsil taqdimotlar oʻtkazildi.
– Bu kechagi Namangan emas. Juda qisqa fursat ichida 55 ming ish oʻrni yaratish, 13 trillion soʻmlik loyihalar ishlab chiqish – ushbu hudud tarixida misli koʻrilmagan oʻzgarishlar olib kelishi aniq, – dedi davlatimiz rahbari.
Shavkat Mirziyoyev mutasaddilarga muhokama qilingan har bir mavzu boʻyicha chuqur tahlil asosida koʻrsatma va tavsiyalar berdi.
– Bizning asosiy xatoimiz – pulning qadriga yetmasligimiz. Davlat tomonidan tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, infratuzilmani rivojlantirish, qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratish uchun ajratilayotgan mablagʻlarning har bir soʻmini joyini bilib ishlatishimiz kerak! Mahsulot ishlab chiqarishda tannarxni kamaytirish, jumladan, transportirovka xarajatlarini tushirish uchun tinmay izlanishimiz lozim. Har bir masalada ilmiy, innovatsion yondashuvlar qoʻllashimiz zarur, – deb taʼkidladi Prezident.
Kichik sanoat zonasi hududidagi 100 dan ortiq korxonalar faoliyati koʻzdan kechirildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan shahridagi “Orzu” mahalla fuqarolar yigʻinida “Obod va xavfsiz mahalla” konsepsiyasi asosida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi.
“Orzu” – Namangan shahrining oʻz nomiga munosib, orzu-havas qilsa arzigulik namunali mahallasi. 2013-yilda tashkil topgan mazkur mahallada namunaviy loyihalar asosidagi 830 ta hamda yakka tartibdagi 1 ming 682 ta uy mavjud. Bu yerda qariyb 12,5 ming aholi maishiy qulaylik va imkoniyatlardan bahramand holda hayot kechirmoqda.
Davlatimiz rahbari 2017-yili viloyatga tashrifi chogʻida bu yerda boʻlib, Orzu mahallasi misolida aholiga qulayliklar yaratish va xavfsizligini taʼminlash boʻyicha butun mamlakatga namuna boʻladigan tizim taqdimoti bilan tanishgan edi.
Bugun ushbu mahalla qiyofasida mamlakatimizda xalqimiz turmush darajasi va madaniyatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari, yurtdoshlarimiz ongu tafakkurida yuz berayotgan ijobiy oʻzgarishlar yaqqol ifodasini topgan. Hududda tashkil etilgan “Orzu” kichik sanoat zonasida 15 ta loyiha ishga tushirilib, 930 dan ziyod ish oʻrni yaratildi. Shundan qariyb 400 tasiga mahalla fuqarolari joylashdi. 1 ta bogʻcha, 650 oʻrinli maktab, dorixona, savdo va umumiy ovqatlanish shoxobchalari, fitnes klubi, mini-futbol maydoni barpo etildi. Oʻtgan yili davlat xizmatchilari uchun 20 ta xizmat uyi qurib berildi.
Davlatimiz rahbarining mahallaga bu galgi tashrifi yana bir xayrli tashabbusning boshlanishiga turtki berdi. Bu yerda xavfsiz mahalla va Namanganda “aqlli shahar” loyihasini hayotga tatbiq etishga kirishildi.
Prezidentimiz mamlakatimizda yangilik boʻlgan loyiha – Namangan shahrining ijtimoiy-iqtisodiy geoaxborot monitoring va raqamli boshqaruv tizimi bilan tanishar ekan, eng katta masala jinoyatchilikni kamaytirishga erishish ekanini taʼkidladi.
Yangi tizimning maqsadi shahardagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni uzluksiz oʻrganib borish, kundalik nazorat qilish, muammoli holatlarni dasturdagi tahliliy maʼlumotlar asosida tezkor bartaraf etish, qaror qabul qilishda yuqori samara beruvchi yangi innovatsion onlayn boshqaruv usuliga oʻtishdan iborat.
Mazkur tizimda barcha koʻrsatkichlar geoxarita orqali monitorda aks etadi. Jumladan, aholi soni, yolgʻiz keksalar, taʼlim muassasalari, mehnat bozori, investitsiyaviy loyihalar, kambagʻal oilalar, kriminogen muhit kabi maʼlumotlar uzluksiz kiritib boriladi.
Tajriba sifatida ishga tushirilgan bu tizim keyinchalik barcha sohalardagi elektron bazalarga ulanadi. Natijada shahardagi ijtimoiy-iqtisodiy koʻrsatkichlarni onlayn kuzatish, vaziyatni xolis baholash, muammolarni nazoratga olish va kerakli chora-tadbirlar koʻrish mumkin boʻladi. Bu esa aholining osoyishtaligi va xavfsizligini taʼminlashda muhim samara beradi.
Davlatimiz rahbari viloyatdagi yoshlar va jinoyatga moyil qatlamni sektorlar tomonidan nazoratga olish va shu orqali jinoyatchilikni jilovlash boʻyicha hali tizimli ishlar qilinmayotganiga eʼtibor qaratdi. Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya mutasaddilariga mahallalarda tinchlikni taʼminlashga toʻsqinliq qilayotgan omillarni oʻrganish, sektorlar ishlashi uchun qonunchilikka tegishli meʼyorlarni kiritish yuzasidan topshiriqlar berildi.
– Viloyatdagi sektorlar rahbarlari endi jinoyatchilikka qarshi kurashda natija boʻyicha javob beradi. Jinoyat qancha kamaydi, qaysi adashganni toʻgʻri yoʻlga qaytardi degan savollarga javob topish uchun mana shu tizimga oʻtayapmiz. Ham iqtisodiyotni, ham jinoyatchilikni, ham tinchlikni, ham adolatni joyiga qoʻysak, xalqimiz uchun munosib sharoit yaratgan boʻlamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mahallalarga tajriba tariqasida yoshlarni rais vazifalariga qoʻyish va shu orqali javobgarlik tizimini kuchaytirish, aholi bilan ishlash uchun psixolog kadrlar tayyorlashni kengaytirish, jinoyat sodir etilishiga sabab boʻlayotgan omillarni bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar belgilandi.
Namanganda jinoyatchilikning oldini olish boʻyicha viloyat sektorlari rahbarlarining axborotlari tinglandi.
Namangan shahridagi “Afsonalar vodiysi” madaniyat va istirohat bogʻi hududi 155 gektar. Mazkur dam olish maskanida 123 million dollarga teng loyiha amalga oshirilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev viloyatga tashrifi doirasida ushbu istirohat bogʻida bajarilgan ishlar bilan tanishdi, dam oluvchilar bilan muloqot qildi.
Davlatimiz rahbari ushbu boqqa avval ham tashrif buyurib, uni eng zamonaviy talablar asosida barpo etish zarurligini taʼkidlagandi. Oʻtgan davr mobaynida bu yerda keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Hozirgi kunda qisman ishga tushirilgan madaniyat va istirohat bogʻi toʻliq foydalanishga topshirilsa yiliga 600 ming aholiga xizmat koʻrsatish imkoniyati yaratiladi.
Ayni paytda 16 turdagi attraksionli tematik park, 2400 oʻrinli amfiteatr, 7 xil suv attraksionlari va 16 ta basseynli akvapark, 2 ta zamonaviy sharshara va musiqali favvora, 3 ta restoran, 1800 oʻrinli 2 ta avtoturargoh tashkil etilgan. 2022-yil mart oyiga qadar milliy hunarmandlar markazi, masjid, 400 oʻrinli mehmonxona, 110 ta villani ishga tushirish rejalashtirilgan.
1 ming 500 ta ish oʻrni yaratish koʻzda tutilgan bu maskanda bugungi kunda 600 nafar ishchi-xodim faoliyat yuritmoqda.
– Ikki yil oldin mana shu bogʻ loyihasi bilan tanishib, unga “Afsonalar vodiysi” deb nom berishni taklif qilgandim. Nomiga munosib boʻlibdi. Mamlakatimizda bu kabi zamonaviy dam olish maskanlarini hali koʻplab barpo etamiz, – dedi davlatimiz rahbari.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Namangan viloyatiga tashrifi davom etmoqda.
O‘zA