2019-yilda odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning 2017 yil 19 sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida Xalqaro Mehnat Tashkiloti bilan hamkorlikda bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rilayotganligi alohida ta’kidlab o‘tildi.
Amalga oshirilgan sa’y-harakatlar natijasida bolalar mehnatiga barham berildi, qishloq xo‘jaligi ishlari, hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish davrida kattalarning majburiy mehnatidan tizimli foydalanish amaliyotiga chek qo‘yildi.
I. Milliy qonunchilikni va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish yo‘nalishida
So‘nggi uch yilda mazkur yo‘nalishlardagi faoliyatini tizimga solish, mavjud muammolarni bartaraf etish maqsadida 15 ta normativ-huquqiy hujjatlar, shu jumladan, 2 ta qonun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2 ta farmoni, 3 ta qarori, Hukumatning 2 ta qarori qabul qilinib, Xalqaro mehnat va Xalqaro migratsiya tashkilotlarining 6 ta Konvetsiya va protokoli ratifikatsiya qilindi.
Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” PF-5775-son Farmonini qabul qilinganligi, odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurash sohasida mamlakatimizni xalqaro maydondagi imidjini oshirishda davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirishning yangi tizimini yaratib berdi.
Farmonga asosan odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi tashkil qilinib, uning tarkibida Odam savdosiga qarshi kurashish hamda Majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha kichik komissiyalar tashkil etildi.
Milliy komissiya hamda kichik komissiyalar faoliyatini tartibga soluvchi nizomlar tasdiqlandi, shuningdek joylarda hududiy komissiyalar tashkil etilib, ularning faoliyati uchun barcha huquqiy asoslar yaratildi.
Shuningdek, Milliy komissiya va uning tarkibidagi kichik komissiyalar, hududiy komissiyalarning ishini tizimli yo‘lga qo‘yish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirishga qaratilgan choralar belgilandi hamda ijrosi ta’minlanib kelinmoqda, jumladan:
– 2019-2020 yillarda odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida davlat organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha birinchi navbatda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi;
– odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan ishlarni keng jamoatchilikka, shu bilan birga, xalqaro hamjamiyatga yetkazish maqsadida Media-reja;
– Xalqaro mehnat tashkiloti, AQSh davlat departamenti, “Cotton Campaign” va “Human Rights Watch” xalqaro tashkilotlari tavsiyalarini inobatga olgan holda, odam savdosi va majburiy mehnat sohasida O‘zbekistonning xalqaro reytinglarda pozitsiyasini yaxshilashga qaratilgan “yo‘l xaritasi”;
– xorijda bo‘lgan fuqarolarimizning huquq va erkinliklari himoya qilinishini ta’minlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar dasturi.
Majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygan shaxslarga nisbatan javobgarlik choralarini kuchaytirish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining (2019 yil 28 avgustdagi O‘RQ-558-son) Qonuni qabul qilindi.
Qonun bilan majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygan shaxslarga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravarigacha, huddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravarigacha miqdorda jarima qo‘llash nazarda tutildi.
Shuningdek, bolalar mehnati va majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilganlik uchun javobgarlik normasini kuchaytirish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinib, bu borada jinoiy javobgarlik chorasi ham belgilandi.
2019 yilda Xalqaro mehnat tashkilotining quyidagi 4 ta hujjati ratifikatsiya qilindi:
– “Xalqaro mehnat normalari qo‘llanilishiga ko‘maklashish uchun uch tomonlama maslahatlashuvlar to‘g‘risida”gi 144-son Konvensiyasi;
– “Sanoat va savdodagi mehnat inspeksiyasi to‘g‘risida”gi 81-son Konvetsiyasi;
– “Qishloq xo‘jaligidagi mehnat inspeksiyasi to‘g‘risida”gi 129-son Konvensiyasi;
– 1930 yildagi “Majburiy mehnat to‘g‘risida”gi 29-sonli Konvensiyasi bayonnomasi.
Ma’lumot uchun: Xalqaro normalarni milliy qonunchiligimizga implementatsiya qilish maqsadida bugungi kungacha Xalqaro mehnat tashkilotining 17 ta konvensiyasi va 1 ta bayonnomasi ratifikatsiya qilingan.
Odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi milliy qonunchilikni yanada takomillashtirish maqsadida xalqaro tajribalarni hisobga olgan holda, “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi ishlab chiqilib, belgilangan tartibda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritildi.
1. Odam savdosiga qarshi kurashish yo‘nalishida
Odam savdosi jabrdiydalarini aniqlash, ularga ijtimoiy, huquqiy yordam berish maqsadida, www.ht.gov.uz manzilli veb-sayt hamda Ichki ishlar vazirligida (99) 311-01-01 raqamli “dolzarb aloqa tarmog‘i” faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Veb-sayt orqali doimiy ravishda odam savdosiga qarshi kurashish yo‘nalishidagi qonunchilikka kiritilgan so‘ngi o‘zgarishlar, amalga oshirilayotgan tashkiliy, targ‘ibot-tashviqot, tezkor-qidiruv tadbirlari natijalari bo‘yicha ma’lumotlar joylashtirilmoqda.
2019 yilda odam savdosi bilan bog‘liq jami 710 ta murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, shundan 422 tasi “dolzarb aloqa tarmog‘i” orqali 288 tasi boshqa manbalardan ichki ishlar vazirligiga kelib tushgan.
Kelib tushgan jami murojaatlarning 443 tasi bo‘yicha malakali huquqiy tushuntirish berilgan, 189 tasi qanoatlantirilgan, 57 tasi bo‘yicha qonuniy asoslarga ko‘ra rad etilgan, 21 tasi ko‘rib chiqilmasdan qoldirilgan.
2019 yilda odam savdosi bilan bog‘liq 94 ta (o‘tgan yili 120 ta) jinoyat qayd etilgan bo‘lib, 2018 yilga nisbatan 26 taga yoki 21,6 %ga kamaygan. Jinoyat tasnifiga ko‘ra:
– 50 tasi shahvoniy foydalanish maqsadida;
– 3 tasi mehnatdan foydalanishni ko‘zlab;
– 41 tasi chaqaloq savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarni tashkil etgan.
Sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha 137 nafar (145) uyushgan jinoiy guruh a’zosi jinoiy javobgarlikka tortilgan bo‘lib, ulardan 119 nafarini (124) ayollar, 18 nafarini (21) erkaklar tashkil etgan.
Mazkur jinoyatlardan 137 nafar shaxslar jabrlanib, shundan 96 nafari (90 ayol va 5 nafar erkak, 1 nafar voyaga yetmagan) shahvoniy va mehnat ekspluatatsiyasidan, 41 nafar bolalar chaqaloq savdosidan jablanganlar tashkil etadi.
Shahvoniy maqsadlarni ko‘zlab sodir etilgan odam savdosi jinoyatlari 27,5 %ga (69 tadan 50 taga) kamaygan bo‘lib, ushbu jinoyatlarning asosiy qismi ayollardan shahvoniy maqsadlarda foydalanish uchun chet elga olib chiqib ketish bilan bog‘liqdir.
Sodir etilgan 50 ta jinoyatdan, 22 ta holatda fuqarolarimizdan chet davlatlar, 4 ta holatda respublika hududida foydalanilgan, 24 ta holatda fuqarolarimizni chet davlatlarga olib chiqib ketilayotgan vaqtda qo‘lgan olingan. Ushbu toifadagi jinoyatlar natijasida jabrlanganlarning 2 nafarini (Xorazm va Navoiy viloyatdarida) voyaga yetmagan qizlar tashkil etadi.
O‘z navbatida, odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar tarkibida chaqaloq savdosi ulushi 43,6 %ni (41 ta) tashkil qilib, 23 nafar o‘g‘il va 18 nafar qiz bolalar chaqaloq savdosi jabrdiydasi bo‘lgan.
Chaqaloq savdosi jinoyatlarining sabablari o‘rganilganda, ularni sodir etgan shaxslarning asosiy qismi 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yosh ayollarni tashkil etib, 5 nafari turmushga chiqmay homilador bo‘lib qolib, aybini yaqinlaridan va oila a’zolaridan yashirishga uringan qizlar tomonidan sodir etilgan.
2019 yil davomida respublika hududida sudlar tomonidan odam savdosi bilan bog‘liq jami 149 nafar shaxsga nisbatan 109 ta jinoyat ishi ko‘rilgan bo‘lib, shundan 104 ta ish bo‘yicha 144 nafar shaxsga nisbatan hukm chiqarilgan, 3 nafar shaxsga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi tugatilgan hamda 2 nafar shaxsga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi qo‘llanilgan.
Sudlar tomonidan odam savdosi bilan bog‘lik jinoyatlarni sodir etgan shaxslardan 37 nafariga ozodlikdan mahrum qilish, 54 nafariga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo choralari, 50 nafariga shartli hukm qilish jazolari qo‘llanilgan. 15 nafar jabrlanuvchiga yetkazilgan 75,7 mln. so‘m moddiy zarar qoplangan.
Jinoyatning sabablarini va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf etish maqsadida respublika jinoyat ishlari bo‘yicha sudlari tomonidan odam savdosi bilan bog‘lik jinoyatlar bo‘yicha 20 ta ish sayyor sud majlislarida ko‘rilgan. Aniqlangan qonunbuzilish holatlari bo‘yicha tegishli davlat organiga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga, jamoat birlashmasiga 97 ta xususiy ajrimlar chiqarilgan.
Odam savdosiga qarshi kurashish faoliyatini amalga oshiruvchi davlat organlari, nodavlat va jamoatchilik tashkilotlari hamda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda, mazkur yo‘nalishda mutaxassislar kasb malakasini oshirish yuzasidan tizimli ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, 2019 yil 31 oktabr–1 noyabr kunlari odam savdosiga qarshi ommaviy axborot vositalari vakillari, davlat organlari matbuot xizmatlari xodimlarining kasbiy tayyorgarligini oshirishga ko‘maklashish maqsadida Migratsiya xalqaro tashkilot bilan hamkorlikda Farg‘ona, Andijon, Namangan viloyatlarida “Odam savdosiga qarshi kurashish masalalarini ommaviy axborot vositalari orqali samarali yoritish” mavzusida treninglar tashkil etildi.
Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha hududiy komissiya a’zolarining malakasini oshirish, joylardagi ishni to‘g‘ri tashkil etilishini ta’minlash maqsadida 2019 yilning 10 noyabr kuni Ichki ishlar vazirligida o‘quv-vebinari o‘tkazildi.
Sudyalarning odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish yuzasidan malakasini oshirish maqsadida rahbarlik lavozimlarini egallash uchun zahirada bo‘lgan sudyalarni qayta tayyorlash kurslari o‘quv dasturlariga “odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashishning xalqaro va milliy mexanizmlari” o‘quv moduli kiritildi.
2019 yil 26 noyabr kuni YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori ko‘magida xalqaro ekspertlar, odam savdosiga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha kichik komissiya, shuningdek huquqni muhofaza qilish organlari vakillari ishtirokida “Odam savdosiga qarshi kurashishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish: milliy tajriba va xalqaro amaliyot” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
2. Majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida
Majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida ham qator tashkiliy va amaliy ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, fuqarolar tomonidan kelib tushadigan murojaatlarni tezkorlik bilan ko‘rib chiqish hamda majburiy mehnatni bartaraf etish maqsadida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan “1176” raqamli ishonch telefoni, www.dmi.mehnat.uz sayti, “mehnathuquqbot” telegram messendjeri, Davlat mehnat inspeksiyasi xodimlari va huquq himoyachilari bilan hamkorlikda “Telegram guruh” tashkil qilindi.
2019 yilda majburiy mehnat bilan bog‘liq jami 1 282 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan, “ishonch telefoni” orqali –403 ta, yozma – 454 ta, internet sayt orqali – 250 ta va ijtimoiy tarmoqlar orqali – 175 ta tushgan.
Kelib tushgan murojaatlarning 609 tasi paxta va boshqa qishloq xo‘jaligi ishlariga, 384 tasi obodonlashtirish ishlariga, 228 tasi qurilish, ta’mirlash ishlariga va 61 tasi navbatchilikka jalb qilish bilan bog‘liq masalalardir.
Barcha murojaatlar bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazilib, fuqarolarni buzilgan mehnat huquqlari tiklanib, tegishli tushuntirish va maslahatlar berilgan.
Mehnat huquq inspektorlari tomonidan respublika bo‘yicha 2 779 ta tashkilot, korxona, muassasa va fermer xo‘jaliklarida xodimlarni mehnatga majburiy jalb etish holatlarini o‘rganish bo‘yicha monitoring ishlari olib borildi.
Natijada majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygan 259 nafar (shundan 118 ta holat paxta yig‘im-terimi mavsumi bilan bog‘liq) va ish haqlarini o‘z vaqtida bermagan hamda zarur mehnat sharoitlari yaratmagan 56 nafar mansabdor shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51 va 49-moddalari bilan ma’muriy jarimalar qo‘llanildi. Ularning:
– 18 nafari tuman, shahar hokimlari va ularning o‘rinbosarlari;
– 82 nafari umum ta’lim muassasalari direktori va tuman xalq ta’limi bo‘limi rahbarlari;
– 10 nafari maktabgacha ta’lim muassasalari rahbarlari;
– 5 nafari sog‘liqni saqlash mauassasalari rahbarlari;
– 20 nafari bank, moliya sohasi rahbarlari;
– 122 nafari boshqa xo‘jalik birlashmalari mansabdor shaxslari;
– yetrali darajada mehnat va yashash sharoitlarini yaratmagan 2 ta tuman hokimi lavozimidan ozod etilgan.
Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan majburiy mehnatning kelib chiqish sabablari va imkon yaratgan shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida mahalliy hokimiyat organlari, respublika va viloyat tashkilotlari va o‘quv muassasalari rahbarlari nomiga jami 225 ta yozma ko‘rsatma, 16 ta ogohlantirish va 25 ta taqdimnomalar kiritildi.
Shuningdek, prokuratura organlari tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida 7 nafar mansabdor shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortildi, 2 690 nafar mahalliy ijro hokimiyati organlari, korxona, tashkilot va muassasalar, fermer xo‘jaliklari rahbarlari ogohlantirildi.
Bundan tashqari mehnat huquq inspektorlari tomonidan xodimlarga munosib mehnat sharoitlarini yaratish, mehnat muhofazasi qoidalariga amal qilish bo‘yicha o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida 6 569 ta qoida buzilish holatlari aniqlandi hamda ish beruvchilarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rildi.
Ish beruvchilar va ularning vakillari uchun mehnatga yollashda qonunchilikka amal qilish, xodimlar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratishga qaratilgan 2 480 ta seminarlar tashkil etildi hamda ushbu seminarlarda davlat va nodavlat tashkilotlar, fermer xo‘jaliklari rahbarlari o‘qitildi.
Odam savdosi va majburiy mehnatning oldini olish ishlariga fuqarolik jamiyati institutlari vakillarini keng jalb etish ishlariga ham alohida e’tibor qaratilib, ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi va boshqa davlat fondlaridan tomonidan 32 ta nodavlat notijorat tashkilotlarga jami 1 mlrd. 74 mln. so‘mlik davlat grantlari ajratildi.
Xalqaro mehnat tashkiloti hamkorligida 2019 yilda paxta yig‘im-terimi mavsumida bolalar mehnati va majburiy mehnatdan foydalanish yuzasidan uchinchi tomon monitoringi tashkil etilib, unda 4 nafar xalqaro ekspert hamda 16 nafar fuqarolik jamiyati faollari ishtiroki ta’minlandi.
Uchinchi tomon monitoringi natijalari 2020 yilning 5 fevral kuni Toshkent shahrida “Islohotlarni qo‘llab-quvvatlashda munosib mehnat” mavzusida o‘tkazilgan xalqaro davra suhbatida e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, O‘zbekistonda paxtachilik sanoatida bolalar mehnati to‘liq va tizimli majburiy mehnatga barham berilganligi, paxta yig‘im-terimida majburiy terimga jalb qilish holatlari 2018 yilga nisbatan 40 %ga kamayib, 94,1 % terimchilar ixtiyoriy ravishda ishtirok etganligi qayd etildi.
Bundan tashqari, 2019 yilda paxtachilikda bolalar mehnati va majburiy mehnatdan foydalanish yuzasidan o‘tkazilgan milliy monitoring asosan fuqarolik jamiyati institutlari vakillari tomonidan o‘tkazilib, unda 65 nafar faollar qatnashdi.
Milliy monitoringda Rossiya mustaqil kasaba uyushmalari Federatsiyasi Huquq departamenti rahbari Yu.Peleshenko, Xalqaro mehnat tashkiloti vakillari A.Dubova, D.O‘runova va A.Xonxadjayevlar xalqaro ekspert sifatida ishtirok etdi.
Milliy monitoring jarayonida tuman va shaharlarga 399 marotaba tashriflar amalga oshirildi, 731 ta fermer xo‘jaligi, 146 ta ta’lim muassasalari, 106 ta sog‘liqni saqlash muassasalari, 77 ta tadbirkorlik sub’ektlari, 56 ta hokimlik, 35 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarida 3 ming 159 nafar respondentlar bilan suhbat o‘tkazildi.
Monitoring natijalari bo‘yicha budjetdan moliyalashtiriladigan tashkilotlar, xususan, tibbiyot xodimlari va o‘qituvchilarni paxta yig‘im-terimiga majburiy jalb etish holatlari aniqlanmadi.
Shu bilan birga, mehnat huquq inspektorlari tomonidan olib borilgan monitoring ishlari natijasida 2019 yil davomida 21 ta holatda (maktab hududini obodonlashtirish) bolalarni majburiy mehnatga jalb etish holatlari aniqlangan (Buxoro, Samarqand, Namangan, Qashqadaryo, Navoiy, Xorazm va Tashkent viloyatlari) va inspektorlar tomonidan 21 nafar mansabdor shaxsalarga nisbatan jarimalar (49,3 mln. so‘m) qo‘llanilgan.
Majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida aholi xabardorligini oshirish, ular bilan qayta aloqa va tezkor aloqa mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish borasida ham qator ishlar amalga oshirildi.
Xususan, Kasaba uyushmalari Federatsiyasining “Qayta aloqa mexanizmi” loyihasi doirasida tashkil etilgan “ishonch telefoni” va kasaba_bot telegram kanali orqali 2019 yil paxta yig‘im-terimi mavsumida 281 ta murojaatlar kelib tushgan.
Shundan, 82 tasini paxta yig‘im-terimiga majburiy jalb etish, 119 tasini – terilgan paxta uchun ish haqining o‘z vaqtida berilmayotganligi, 44 tasini – terimchilar uchun yetarli shart-sharoit yaratilmaganligi va 34 tasini – paxta yig‘im terimini tashkil etish uchun pul yig‘ish bilan bog‘liq murojaatlar tashkil etdi.
Murojaatlarning barchasi mutaxassislar ishtirokida joyida o‘rganildi va 130 tasi (46 %) o‘z tasdig‘ini topdi va aniqlangan muammolarni zudlik bilan bartaraf etish choralari ko‘rildi.
III. Odam savdosi va majburiy mehnatdan jabrlanganlarni himoya qilish va ularga yordam ko‘rsatish borasida
Bugungi kunda odam savdosidan jabrlanganlarga har tomonlama yordam ko‘rsatish va ularni ijtimoiy reabilitatsiya qilish maqsadida Toshkent shahrida Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish bo‘yicha respublika reabilitatsiya markazi faoliyat yuritib kelmoqda.
Respublika reabilitatsiya markazida 2019 yilda jami 220 nafar (shundan 121 nafari erkak, 63 nafari ayollar va 36 nafari voyaga yetmaganlar) odam savdosi jabrdiydalariga tibbiy, psixologik va huquqiy xizmatlar ko‘rsatildi. Shuningdek, ularning 113 nafari ish bilan ta’minlandi.
Bundan tashqari, odam savdosi jabrdiydalarining 16 nafarining bandligiga ko‘maklashish maqsadida jami 24 mln. so‘mlik ko‘mak ko‘rsatildi (4 bosh qoramol, 8 ta tikuv mashinasi, 3 ta payvandlash apparati, 1 nafariga 3,5 mln. so‘m mablag‘).
Markaz xizmatidan foydalanib ketgan jabrdiydalarning keyingi faoliyatlarini tahlil qilib borish maqsadida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining hududiy boshqarmalari bilan hamkorlikda monitoring ishlari olib borildi.
Tashqi ishlar vazirligining konsullik muassasalari tomonidan odam savdosi jabrdiydasi bo‘lgan 40 nafar O‘zbekiston fuqoralariga kerakli konsullik-huquqiy yordami ko‘rsatildi hamda ularni O‘zbekistonga qaytib kelishlariga amaliy yordam berildi.
Ma’lumot uchun: Qozog‘istonda 16 nafar, Rossiyada 15 nafar, Tailandda 5 nafar, BAAda 2 nafar va Hindistonda 2 nafar fuqaroga yordam ko‘rsatilgan.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va xususiy bandlik agentliklari orqali 3 ming 938 nafar fuqaro chet elda ish bilan ta’minlandi, 213 ming 371 nafar fuqaroga huquqiy maslahat berildi.
Ma’lumot uchun: Fuqarolar tashkillashtirilgan tartibda Koreya (1470 nafar yoki 37,3%), Rossiya (1334 nafar yoki 33,8%), Turkiya (535 nafar yoki 13,6%), Litva (342 nafar yoki 8,7%), Latviya (80 nafar yoki 2%), Bolgariya (38 nafar yoki 1 %), Polsha (38 nafar yoki 1%) va boshqa davlatlarida (101 nafar yoki 2.6%) ishga joylashtirildi.
Agentlikning Rossiya Federatsiyasi (100 ming AQSh dollari) va Koreya Respublikasidagi (430 ming AQSh dollari) vakolatxonalari tomonidan mehnat migrantlarining jami 530 ming AQSh dollari miqdoridagi undirilmagan ish haqlari xorijiy ish beruvchilardan undirib berildi, 21 ming 764 nafar fuqaroga maslahat va huquqiy yordam ko‘rsatildi.
IV. Aholini odam savdosi va majburiy mehnatning salbiy omillari to‘g‘risida xabardorligini oshirish sohasida
1. Majburiy mehnatga qarshi kurashish yo‘nalishida
2019 yilda majburiy mehnat yo‘nalishida xalqaro normalar va milliy qonunchilik bo‘yicha joylarda jami 5 000 dan ortiq seminar-trening, 2 000 dan ortiq davra suhbati va 15 ta konferensiya o‘tkazildi.
Shuningdek, televideniyeda 309 marta, radioda 548 marta, gazeta-jurnallarda 492 marta targ‘ibot-tushuntirish ishlari olib borildi.
Ish beruvchi va xodimlar hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlari va faollari uchun “Majburiy mehnatdan ogoh bo‘ling!” nomli huquqiy-uslubiy qo‘llanma ishlab chiqildi va joylarga yetkazildi.
Paxta yig‘im-terimi mavsumida aholini majburiy mehnatning salbiy omillari to‘g‘risida xabardorligini oshirish maqsadida Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda aholi gavjum joylarga 600 ta banner joylashtirildi va fuqarolarga 200 mingta tarqatma materiallar (flayer, buklet) tarqatildi.
2019 yil 13 sentabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Xalqaro mehnat tashkilotining “Uchinchi tomon monitoringi” loyihasi bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda majburiy mehnatga barham berish va uning oldini olish bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
2019 yil 4 noyabr kuni “O‘zbekiston” telekanali orqali efirga uzatiladigan “Munosabat” ko‘rsatuvida 2019 yilda O‘zbekistonda majburiy mehnatga qarshi kurashi faoliyati bo‘yicha ochiq muloqot tashkil etildi.
2. Odam savdosiga qarshi kurashish yo‘nalishida
Odam savdosining ayanchli oqibatlari to‘g‘risida aholini xabardor qilish, fuqarolarni, ayniqsa, ayollar va yoshlarni ushbu illat domiga tushib qolishining oldini olish maqsadida 2019 yilda “Odam savdosi – davr muammosi” dasturi asosida bir qator targ‘ibot-tashviqot ishlari amalga oshirildi.
Ushbu dastur doirasida 3 ming 800 ga yaqin targ‘ibot guruhlari shakllantirilib, ushbu guruhlar tomonidan ommaviy axborot vositalari orqali 7 500 tadan ortiq chiqishlar, xususan, internet tarmog‘i (ijtimoiy tarmoqlar, rasmiy axborot saytlari va x.k.) orqali 2 600 ta, televideniye orqali 2 500 ta, radio orqali 1 600 ta, bosma nashrlar orqali 1 000 tadan ortiq chiqishlar tashkil etilgan.
Shuningdek, mazkur yo‘nalishda aholi ishtirokida 24 400 tadan ortiq davra suhbati, 8 600 taga yaqin seminar hamda 750 tadan ortiq konferensiya o‘tkazildi.
Odam savdosi va noqonuniy migratsiyaning oldini olish bo‘yicha tuman, shaharlarda, shuningdek aeroport, vokzal va chegara nazorat o‘tkazish maskanlarida ham targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilib, 235 mingga yaqin risola, buklet, tavsiyanoma, plakat va boshqa materiallar tarqatildi hamda 5 100 tadan ortiq bannerlar o‘rnatildi.
Bundan tashqari, vazirlik va idoralari, diplomatik korpus, fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalari Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha Byurosining o‘zbek tilida “Odam savdosidan jabrlanganlarni kelib chiqish mamlakatiga qaytish jarayonida inson huquqlariga rioya qilish bo‘yicha rahbariy tamoyillar” nashri taqdimoti va odam savdosi haqidagi “Muhabbat bilan, Sonya” badiiy filmining namoyishi o‘tkazildi.
Ichki ishlar vazirligi va “Istiqbolli avlod” markazi bilan hamkorlikda Toshkent shahrida Markaziy Osiyoda amalga oshirilayotgan “Odam savdosiga qarshi kurashish” bo‘yicha loyihasi va “16 kun zo‘ravonlikka qarshi” aksiyasi yakuni bo‘yicha ommaviy axborot vositalarini jalb etgan holda brifing o‘tkazildi.
2019 yil 13-14 noyabr kunlari Toshkent shahrida “Odam savdosiga qarshi kurashishda sudlarning o‘rni” mavzusidagi xalqaro konferensiya o‘tkazildi. Unda, Buyuk Britaniya, Rossiya, Fransiya, Avstriya, Ozarbayjon, Vengriya, Gretsiya, Italiya, Ispaniya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Latviya, Portugaliya kabi 20 dan ortiq davlatlardan jami 35 nafar ekspertlar va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
V. Xalqaro hamkorlikni ta’minlash sohasida
1. Majburiy mehnatga qarshi kurashish yo‘nalishida
Fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini kafolatli himoyalash hamda xalqaro maydonda davlatimiz imijini oshirish maqsadida fuqarolik jamiyati vakillari va mazkur sohadagi horijiy nohukumat tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikni ta’minlash bo‘yicha ish olib borilmoqda.
O‘zbekistonda bolalar mehnati va majburiy mehnatning oldini olish, uning har qanday ko‘rinishlariga to‘liq barham berish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarni halqaro hamjamiyat e’tiboriga yetkazish maqsadida qator xalqaro tadbirlar tashkil etildi.
Xususan, 2019 yilning 4-8 fevral kunlari O‘zbekiston delegatsiyasining AQSh davlat organlarini va qator xalqaro tashkilotlarni O‘zbekistonda inson huquqlarini, shuningdek mehnat huquqlarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlardan xabardorligini oshirish maqsadidagi tashrifi tashkil etildi.
Tashrif davomida delegatsiya a’zolari “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasining har yili bo‘lib o‘tadigan majlisida ham ishtirok etdi. Tadbirda turli huquqni himoya qilish tashkilotlari, amerika ishlab chiqaruvchilari birlashmasi, riteylerlar hamda kasaba uyushmalari tashkilotlari ishtirok etdi.
Tashrif davomida Jaxon banki, AQSh Prezidenti administratsiyasi, Davlat departamenti va Mehnat vazirligining qator vakillari bilan alohida uchrashuvlar tashkil etildi.
Mamlakatimizda majburiy mehnatning odini olish borasida amalga oshirilgan ishlar natijasida 2019 yilning mart oyida AQSh davlat departamenti O‘zbekiston paxtasini majburiy mehnat va bolalar mehnatidan foydalanilgan holda yetishtirilganligi sababli AQShda davlat xaridlarini ta’qiqlovchi maxsulotlar ro‘yxatidan chiqardi.
2019 yil 1-3 aprel kunlari, Hukumat delegatsiyasi Bryussel shahrida «O‘zbekiston paxta terimida bolalar mehnati va majburiy mehnatga qanday barham bermoqda» mavzusidagi munozara forumida ishtirok etishdi. Forum ishida Yevropa itifoqi, Xalqaro mehnat tashkiloti, Jahon banki, diplomatik korpus vakillari, mehnat va huquqni himoya qilish masalalari bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar hamda xorijiy OAV ekspertlari ishtirok etdi.
Forum doirasida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan isloxotlar, xususan, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik sanoati sohasini rivojlantirish, modernizatsiya qilish, mamlakatning investitsion muhiti jozibadorligini oshirish, bolalar mehnatiga va majburiy mehnatga butunlay barham berish, uning har qanday ko‘rinishlarining oldini olish, bu borada institutsional hamkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida batafsil axborot berib o‘tildi.
Shuningdek, delegatsiya a’zolari Yevropa Ittifoqi, Xalqaro mehnat tashkiloti, Xalqaro kasaba uyushmalari konfederatsiyasi, “Human Rights Watch” tashkiloti, tekstil kompaniyalar va boshqa xalqaro institutlar vakillari bilan ham muzokaralar olib bordi.
Bu boradagi ishlar davom ettirilib, 2019 yil 6-9 noyabr kunlari Belgiyaning Bryussel shahrida “EURACTIV” Yevropa axborot-tahlil portali bilan hamkorlikda “Yevropa ittifoqiga kiyim-kechak importi. Ta’minot zanjirida shaffoflik va barqarorlikka erishish” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Majburiy mehnatga qarshi kurashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi vazirlik va idoralar tomonidan xorijiy davlatlarning tajribalarini o‘rganish, xodimlarining xalqaro o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirokini ta’minlash borasida ham muayyan ishlar amalga oshirildi.
2. Odam savdosiga qarshi kurashish sohasida
Odam savdosi jabrlanuvchilarining huquq va manfaatlarini har tomonlama himoya qilish, xorijiy davlatlarda ushbu jinoyat jabrdiydasiga aylangan shaxslarni Vataniga qaytarish maqsadida Markaziy Osiyo davlatlarining tegishli huquq tartibot organlari bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Odam savdosi va noqonuniy migratsiyasiga qarshi kurashish yo‘nalishida AQSh, Hindiston, BAA, Turkiya, Tayland va Malayziya davlatlarning huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda odam savdosining barcha ko‘rinishlariga qarshi kurashish maqsadida “ikki tomonlama kelishuv”lar loyihasi ishlab chiqildi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritildi.
Markaziy Osiyo davlatlarining huquq tartibot organlari bilan hamkorlikda “Stop-trafik” va “Nelegal” kabi tadbirlar o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi.
2019 yilning 26-30 mart kunlari Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston davlatlari hududida “Stop trafik” tezkor-profilaktik tadbirini o‘tkazildi.
Ma’lumot uchun: Qo‘shma tadbir davomida, 4 ta davlat hududida jami 43 ta odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar aniqlandi (O‘zbekistonda 21 ta, Qozog‘istonda 19 ta va Qirg‘izistonda 3 ta).
Respublikamizda aniqlangan holatlarning 3 tasi jinsiy ekspluatatsiya va 18 tasi fohishaxona saqlash va qo‘shmachilik jinoyatlarini tashkil etadi.
Tungi klublar, saunalar va mehmonxonalarda 2 ming 861 marotaba reydlar o‘tkazilib, 258 nafar fohishalik bilan shug‘ullangan ayollar profilaktik hisobga olindi, 87 ta ma’muriy huquqbuzarlik holati aniqlanib, aybdor shaxslarga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rildi.
Shuningdek, 2019 yil 18-22 noyabr kunlari Qozog‘iston Respublikasi bilan hamkorlikda Nur-Sulton, Olma-ota va Chimkent shaharlarida “Nelegal” tezkor-profilaktik tadbiri o‘tkazildi.
Ma’lumot uchun: Tadbir natijasida odam savdosi jinoyatini sodir etganligi uchun xalqaro qidiruvda bo‘lgan 3 nafar shaxslar ushlandi. Fuqarolarimiz ishchi kuchidan foydalanish qoidalarini buzgan 56 nafar Qozog‘iston fuqarolari (ish beruvchi) ma’muriy javobgarlikka va migratsiya qonunchiligini buzgan 6 nafari esa jinoiy javobgarlikka tortildi.
Shuningdek, Qozog‘iston Respublikasida bo‘lish qoidalarini buzganligi uchun 186 nafar fuqarolarimizga majburiy tartibda davlatdan chiqib ketish bo‘yicha sud tomonidan ajrim chiqarildi hamda 427 nafar shaxsning Qozog‘istonda bo‘lish muddati qisqartirildi.
“Readmissiya” haqidagi kelishuvga asosan, xorijiy fuqarolarni vaqtincha ushlab turish markazlarida saqlanayotgan va majburiy mehnat ekspluatatsiyasiga tushib qolgan hamda turli sabablarga ko‘ra vatanga qaytib kelaolmayotgan 83 nafar (23 nafari qaytarildi) fuqarolarimizga nisbatan hech qanday qonuniy choralar ko‘rilmasdan, Qozog‘iston hududidan chiqarib yuborishga kelishildi.
Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish, uning jabrdiydasi bo‘lgan vatandoshlarimizga yordam berish bilan bog‘liq ishlarni keng ko‘lamda bajarish doirasida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va chet eldagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan muntazam ravishda tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, chet elda doimiy yashayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va mehnat migrantlariga huquqiy yordam ko‘rsatish maqsadida Rossiyaning Sankt-Peterburg, Qozon, Rostov-Don, Yekaterinburg va Vladivostok shaharlarida, Qozog‘istonning Olmaota va Aktau, Xitoyning Guanchjou shaharlarida yangi bosh konsulxonalar ochildi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasining Rossiyadagi elchixonasida (2 ta shtat birligi), Koreyadagi elchixonasida (2 ta shtat birligi), Istanbuldagi bosh konsulxonasida (2 ta shtat birligi) va Novosibirskdagi bosh konsulxonada (1 ta shtat birligi) Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi xodimlaridan tayinlanadigan qo‘shimcha shtat birliklari joriy qilindi.
2019 yil 25 noyabr kuni Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi a’zolarining AQSh Davlat departamenti va Mehnat vazirligi vakillari bilan videokonferensiya shaklidagi muloqoti o‘tkazildi.
Ushbu videokonferensiya shaklidagi muloqotda erishilgan kelishuv asosida AQSh Davlat departamenti hamda Mehnat vazirligi delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi tashkil etildi. Tadbir davomida delegatsiya a’zolari mamlakatimizda odam savdasiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishtirildi.
Bundan tashqari, odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish hamda migratsiya masalalari bilan shug‘ullanuvchi davlat va jamoat tashkilotlari mutaxassislarining malakasini oshirish, ilg‘or xorijiy davlatlarning tajribasini o‘rganish maqsadida tegishli soha mutaxassislarining Rossiya, Norvegiya, Italiya, Avstriya, Turkiya va Qozog‘iston davlatlariga tashriflari tashkil etildi.
Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida ushbu yo‘nalishda 2020 yilda vazirlik, idoralar tomonidan xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan loyihalar dasturi ishlab chiqildi va ijroga yo‘naltirildi.
Ushbu dasturda O‘zbekiston Respublikasi mutasaddi vazirlik, idoralarining Xalqaro mehnat tashkiloti, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti, Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot, BMTning Narkotik va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi bilan odam savdosi va majburiy mehnatni oldini olish borasidagi hamkorligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari belgilangan.
VI. Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasidagi mavjud muammolar va ularni hal etish yuzasidan tavsiyalar
1. Bugungi kunda ham ayrim mahalliy ijro hokimliklari, vazirlik, idoralar hamda ularning quyi tuzilmalari rahbarlari tomonidan xodimlarni majburiy mehnatga jalb qilish holatlari uchramoqda.
2019 yilda Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari xizmatchilari va harbiy bilim yurti kursantlari majburiy tarzda paxta yig‘im-terimiga jalb etilganligi holatlari aniqlandi. Bu esa turli huquqni himoya qiluvchi tashkilotlaning e’tirozlariga sabab bo‘ldi.
Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan monitoring yakunlari bo‘yicha 2019 yilda paxta yig‘im-terimida ishtirok etgan 5,9 % (102 ming nafar) shaxslar majburiy jalb etganligi qayd etilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari bilan o‘tkazilgan milliy monitoring jarayonida ham 47 ta holatda 3 ming 895 nafar (shundan 700 nafari xarbiy xizmatchilar) shaxslar paxta yig‘im-terimida majburiy jalb etilganligi aniqlangan.
2. 2019 yilda odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar 2018 yilga nisbatan kamaygan bo‘lsada, bu yo‘nalishda sodir etilgan umumiy jinoyatlar orasida chaqaloq savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar yuqoriligicha qolmoqda.
Xususan, 2018 yilda sodir etilgan 120 ta odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarning 38 %ni (46 ta) chaqaloq savdosi jinoyati tashkil etgan bo‘lib, 2019 yilda ushbu yo‘nalishda sodir etilgan 94 ta jinoyatdan 43 %ni (41 ta) chaqaloq savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar tashkil etgan.
3. Odam sadosi bilan bog‘liq jinoyatlar tahlili ushbu turdagi jinoyatlarga odamlarni yollashning yangi usullari va vositalar kengayib borayotganligini ko‘rsatmoqda.
Odam savdosi bilan bog‘liq murojaatlar hal etilishining qonuniyligi hamda ushbu turdagi jinoyatlarni aniqlanishi va sudlarda ko‘rilishi, jazo muqarrarligi tamoyili ta’minlanishi mexanizmi samarali yo‘lga qo‘yilmagan.
Xususan, 2019 yilda odam savdosi jinoyati bilan bog‘liq kelib tushgan 710 ta murojaatdan 94 tasi (13 %) bo‘yicha jinoyat ishi ochilib, 137 nafar aybdorlarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilgan.
Odam savdosi bilan shug‘ullangan shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish va ularni sudgacha olib borishda tegishli soha mutaxassislarining bilimi hamda tajribasi yetishmayapti.
Xalqaro tashkilotlar ham O‘zbekistonda ushbu turdagi jinoyatlarni sud tartibida ko‘rib chiqish holatlari kamayib ketayotganligini salbiy baholamoqda.
4. Mehnat migratsiya munosabatlarini tartibga soluvchi maxsus qonun qabul qilinmagan, mehnat megratsiyasiga taalluqli huquqiy tushunchalar qonunchilikda mustahkamlanmagan, natijada mehnat migrantlarining huquqiy maqomi, ularning huquq va majburiyatlari to‘laqonli belgilanmagan.
5. Odam savdosi jabrdiydalarini ijtimoiy reabilitatsiya qilish masalasi bilan birgina Toshkent shahridagi Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish va ularni himoya qilish bo‘yicha Respublika reabilitatsiya markazi shug‘ullanib kelmoqda.
Hozirda ushbu Markazning moddiy-texnik bazasi eskirgan bo‘lib, bugungi kun talabiga javob bermaydi. Markazga joylashtirilgan jabrlanuvchilarga oziq-ovqat (bir kunda 15 ming 800 so‘m) hamda dori-darmon (bir kunda 907 so‘m) uchun yetarli mablag‘ ajratilmaydi.
Tavsiyalar:
1. Fuqarolik jamiyati institutlari vakillari hamda xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda, majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik borasida Xalqaro mehnat tashkilotining uchinchi tomon monitoringi hamda milliy monitoring o‘tkazish ishlarini davom ettirish, bunda monitoring ishlarini iqtisodiyotning boshqa sohalarida ham o‘tkazilishini nazarda tutish.
Paxta uchun davlat buyurtmasi bekor qilinishini inobatga olgan holda, qishloq xo‘jalik klasterlari, fermer xo‘jaliklari rahbarlari va boshqa ish beruvchilar uchun xalqaro mehnat standartlariga amal qilish, munosib ish o‘rinlarini yaratish va boshqaruvning bozor iqtisodiyoti mexanizmiga o‘tish masalalarida o‘quv-seminarlar tashkil etish.
Paxta yig‘im-terimi ishlarini milliy qonunchiligimiz talablariga qat’iy amal qilgan holda faqatgina paxta-tekstil klasterlari hamda fermer xo‘jaliklari tomonidan joylardagi jamoat tashkilotlari ko‘magi asosida amalga oshirilishini ta’minlash, ushbu ishlarga mahalliy ijro hokimiyati vakillarining aralashuvini oldini olish.
Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekistonda munosib mehnat bo‘yicha mamlakat dasturi loyihasini ishlab chiqish.
Majburiy mehnatga oid xalqaro konvensiyalarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish ishlarini davom ettirish, bunda, XMTning “Ishlab chiqarishdagi baxtsiz xodisalarda ishchilarga kompensatsiya to‘lash to‘g‘risida”gi 17-son, “Onalikni himoya qilish to‘g‘risida”gi 183-son, “Mehnat xavfsizligi va gigiyenasi to‘g‘risida”gi 187-son Konvensiyalarini 2020 yil davomida ratifikatsiya qilish masalasini ko‘rib chiqish.
2. Farzandlikka olish bilan bog‘liq amaldagi normativ-hujjatlarni to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazish hamda ilg‘or halqaro tajribani inobatga olgan holda mazkur jarayonni yanada soddalashtirish bo‘yicha milliy qonunchilikka o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflar ishlab chiqish.
Chaqaloq savdosining kelib chiqish sabablarini chuqur tahlil qilgan holda unga qarshi kurashish ishlarini yanada kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash.
3. Odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarni aniqlash va jazo muqarrarligi tamoyilini ta’minlash borasidagi xalqaro standartlar bo‘yicha ichki ishlar organlari xodimlarini o‘qitish, rivojlangan xorijiy davlatlarda malakasini oshirish ishlarini jadallashtirish.
Odam savdosi qurbonlarini xalqaro standartlarga muvofiq identifikatsiya qilish va ularni qayta yo‘naltirishning milliy mexanizmini joriy etish bilan bog‘liq tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish.
4. Tashqi mehnat migratsiyasi, uning mexanizimlari va shakllarini belgilash, fuqarolarni chet ellarda ish bilan ta’minlash ishlarini kuchaytirish, bu sohada davlat siyosatini takomillashtirish, mehnat migrantlari bilan chet elda ishlash, ularni ijtimoiy himoya qilish, shuningdek fuqarolarni chet elda ish bilan ta’minlashda raqobat va bozor infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida “Migratsiya to‘g‘risida”gi Qonun loyihasini ishlab chiqish.
Xorijdagi fuqarolarimiz huquq va manfaatlarini har tomonlama himoya qilishda xorijiy davlatlarning vakolatli idoralari bilan hamkorlikni rivojlantirish maqsadida O‘zbekistonlik migrantlar soni ko‘p bo‘lgan davlatlarda Tashqi mehnat migratsiyasi agentlikning vakolatxonalarini tashkil etish ishlarini davom ettirish.
Ma’lumot uchun: bugungi kunda Rossiyaning Moskva shahrida va Janubiy Koreyaning Kvanju shahrida Tashqi mehnat migratsiyasi agentlikning vakolatxonalari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
5. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahqamasining 2008 yil 5 noyabrdagi “Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish va ularni himoya qilish bo‘yicha Respublika reabilitatsiya markazini tashkil etish to‘g‘risida”gi 240-sonli qarorini qayta ko‘rib chiqish va bugungi kun talabidan kelib chiqqan holda, qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish bo‘yicha yangi qaror loyihasini ishlab chiqish.
Xujjat loyihasida markaz faoliyatini takomillashtirish, uni Ichki ishlar vazirligi tizimiga o‘tkazish hamda hududlarda uning mintaqaviy filiallarini tashkil etish masalalarini nazarda tutish.
6. Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish ishlarida fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlar imkoniyatlaridan yanada kengroq foydalanish, buning uchun ushbu yo‘nalishlarda faoliyat yuritadigan nodavlat notijorat tashkilotlarning ro‘yxatdan o‘tishi va faoliyat yuritishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida “Nodavlat notijorat tashkilotlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Kodeksi loyihasini xalqaro tashkilotlar ekspertlari, fuqarolik jamiyati vakillarini keng jalb qilgan holda yanada takomillashtirish.
7. Aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha Milliy strategiya loyihasini ishlab chiqish, bunda aholi, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlar uchun munosib ish o‘rinlarini yaratish, shuningdek norasmiy bandlikni qisqartirish masalalarini nazarda tutish.
8. Aholining, xususan, yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta’minlash, kambag‘allikni bartaraf etish, bu sohalarda fuqarolik jamiyati vakillarining faol ishtirokini ta’minlash, shuningdek ijtimoiy xizmat mutaxassislarini jaxon standartlari asosida tayyorlash va o‘qitilishini tashkil etish, ushbu maqsadlarga BMT, Yevropa Ittifoqi, Jahon banki va boshqa xalqaro tashkilotlarning grant mablag‘larini jalb etish choralarini ko‘rish.
9. Odam savdosi va majburiy mehnat bilan bog‘liq jinoyat va huquqbuzarliklar yagona hisobotini yuritish tartibini ishlab chiqish.
10. Ommaviy axborot vositalari, xususan, televideniye orqali odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlangan ijtimoiy roliklarni muntazam berib borilishini ta’minlash, ularning sifati va ta’sirchanligini oshirish.
Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi