O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqi
Muhtaram Rais Vo‘lkan Bozkir janoblari!
Muhtaram Bosh kotib Antoniu Guterrish janoblari!
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Xonimlar va janoblar!
Bosh Assambleyaning yetmish beshinchi sessiyasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti tarixida birinchi marta butunlay yangi formatda – koronavirus pandemiyasi tufayli onlayn muloqot rejimida bo‘lib o‘tmoqda.
Bunday global falokat sayyoramizda so‘nggi yuz yilda kuzatilmagan edi. Bu ofat butun insoniyatning zaif jihatlarini yaqqol ko‘rsatdi. Hozirgi tahlikali va murakkab vaziyat yer yuzidagi barcha davlatlar va xalqlar o‘zaro bog‘liq ekanini, o‘rtamizda muntazam muloqot, ishonch va yaqin hamkorlik o‘ta muhimligini isbotladi.
Shu yo‘lda barchamiz hukumatlar, parlamentlar va fuqarolik jamiyatlarining o‘zaro sa’y-harakatlarini birlashtirish, umumiy mas’uliyat tamoyillarini mustahkamlash, xalqaro sheriklikni muvofiq holda rivojlantirish, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining maqomi va salohiyatini oshirish, vakolatlarini kengaytirish lozimligini chuqur angladik.
Maqsadimiz – har bir insonning asosiy huquq va erkinliklarini, salomatligi va farovonligini ta’minlaydigan adolatli global tizimni birgalikda yaratishdir.
Bu borada biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqishni taklif etamiz. Ushbu hujjatda har bir davlatning o‘z fuqarolari va xalqaro hamkorlari oldidagi majburiyatlari aks etishi lozim.
Hurmatli xonimlar va janoblar!
Biz O‘zbekistonda KOVID-19 qayd etilgan dastlabki kunlardan boshlab barcha sa’y-harakat va resurslarimizni bu xavfli kasallikni jilovlash va eng asosiysi – odamlar hayotini saqlab qolishga qaratdik.
Pandemiyaning salbiy oqibatlarini yumshatish uchun ijtimoiy himoya va sog‘liqni saqlash tizimlari keskin kuchaytirilmoqda, aholiga, iqtisodiyot tarmoqlari va biznesga manzilli ko‘mak ko‘rsatilmoqda. Shu maqsadda maxsus jamg‘armalar tuzildi.
Fursatdan foydalanib, sinovli damlarda bizga beg‘araz yordam ko‘rsatgan barcha do‘st va hamkorlarimizga chuqur minnatdorlik izhor etaman.
Biz xalqaro hamjamiyatning pandemiyaga qarshi samarali kurashish bo‘yicha barcha harakatlarini, jumladan, zarur dori-darmon hamda vaksinalar ishlab chiqish va ulardan keng foydalanishga qaratilgan tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaymiz.
Shuningdek, Bosh kotib Antoniu Guterrish janoblarining bugungi inqirozli vaziyatda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan sammitni o‘tkazish bo‘yicha taklifini ma’qullaymiz.
Hurmatli Bosh Assambleya sessiyasi ishtirokchilari!
Bundan uch yil muqaddam men Birlashgan Millatlar Tashkilotining oliy minbaridan O‘zbekistonning tub islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha qarori qat’iy ekanini aytgan edim.
Jamiyatni siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy modernizatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlarimiz natijasida yangi O‘zbekiston shakllanmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizdagi demokratik o‘zgarishlar ortga qaytmaydigan tus oldi.
O‘tgan yili Parlamentga o‘tkazilgan saylovlar aholi va partiyalarning siyosiy faolligi, fuqarolik jamiyati institutlarining roli, ommaviy axborot vositalarining ta’siri oshganini namoyish etdi.
Biz uchun gender tenglik siyosati ustuvor masalaga aylandi. Xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi o‘rni tobora kuchaymoqda. Yangi Parlamentimizda ayol deputatlar soni ikki barobarga ko‘paydi.
Inson huquqlari sohasidagi holat ham butunlay o‘zgardi. Majburiy va bolalar mehnati to‘liq tugatildi. Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiya qabul qilindi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining fuqaroligi bo‘lmagan insonlar sonini kamaytirishga qaratilgan chaqirig‘iga javoban shu yilning o‘zida 50 ming yurtdoshimizga O‘zbekiston fuqaroligi berildi.
Mamlakatimizda diniy erkinlik borasida ham vaziyat keskin yaxshilandi. Millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglikni yanada mustahkamlash biz uchun doimiy muhim vazifadir.
Sudlarning chinakam mustaqilligi va qonun ustuvorligini ta’minlashga yo‘naltirilgan keng qamrovli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash yangi bosqichga ko‘tarildi. Bu borada muhim qonun hujjatlari qabul qilinib, mustaqil tuzilma – Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi.
Mamlakatimizda iqtisodiy islohotlar jadal davom ettirilmoqda. Biz birinchi marta kambag‘allikni kamaytirish haqidagi qat’iy qarorimizni ochiq e’lon qildik.Bunga tadbirkorlikni rivojlantirish va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish, investitsiya va biznes muhitini yaxshilash hamda zamonaviy infratuzilmani barpo etish, odamlarni yangi kasb-hunarlarga o‘rgatish va aholiga manzilli ijtimoiy yordam ko‘rsatish orqali erishmoqdamiz.
Mamlakatimiz aholisining yarmidan ko‘pini yoshlar tashkil etadi. Respublikamizda har bir yigit-qizning jamiyatda munosib o‘rin egallashi va o‘z salohiyatini namoyon etishi uchun ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekistonda Yoshlar parlamentlari, Yoshlar ishlari agentligi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Avgust oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida yoshlar huquqlariga bag‘ishlangan Samarqand xalqaro forumi muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Fursatdan foydalanib, yana bir bor Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti konvensiyasini qabul qilish bo‘yicha O‘zbekiston tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga chaqiraman.
Bundan tashqari, Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini ta’minlashda parlamentlar rolini oshirish to‘g‘risidagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif etamiz.
Hurmatli do‘stlar!
Hozirgi vaqtda Markaziy Osiyo mintaqasida tub o‘zgarishlar yuz bermoqda. Biz mintaqa davlatlari o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro ishonch, do‘stlik va hurmat muhitini yaratishga erishdik.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan tashabbusga asosan muntazam o‘tkazilayotgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari umumiy yutug‘imiz bo‘ldi.
Oxirgi to‘rt yilda O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro savdo hajmi salkam besh barobarga o‘sdi.
Mamlakatlarimiz ushbu sinovli kunlarda bir-birini yolg‘iz qoldirmasdan, o‘zaro yelkadosh bo‘ldilar.
Bugun Markaziy Osiyo davlatlari oldida muhim strategik vazifa turibdi. U ham bo‘lsa, mintaqamizning global iqtisodiy, transport va tranzit yo‘laklariga chuqur integratsiyasini ta’minlashdir.
Shu munosabat bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochishni taklif etamiz.
Bugungi kunda Markaziy Osiyoda xavfsizlikni ta’minlash sohasida ham samarali hamkorlik olib borilmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Global antiterror strategiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Biz ushbu strategiya doirasidagi Mintaqaviy qo‘shma rejaning 10 yillik natijalari va kelgusi istiqbollariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyani o‘tkazish tarafdorimiz.
Ma’lumki, mintaqamizning ko‘hna va boy madaniy merosi global ahamiyatga ega. Biz 2021 yilda YuNESKO bilan hamkorlikda qadimiy Xiva shahrida “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” degan mavzuda xalqaro forumni o‘tkazishga tayyormiz.
Hurmatli sessiya ishtirokchilari!
Biz Afg‘onistonni Markaziy Osiyoning ajralmas qismi sifatida qabul qilamiz. 2018 yil mart oyida o‘tkazilgan Afg‘oniston bo‘yicha oliy darajadagi Toshkent konferensiyasi afg‘on muammosini yechish uchun xalqaro hamjamiyat sa’y-harakatlarini safarbar etishda yangi bosqich bo‘ldi.
Biz joriy yilning sentyabr oyida Doha shahrida afg‘on siyosiy kuchlari o‘rtasida boshlangan tinchlik muzokaralarini to‘la qo‘llab-quvvatlaymiz. Bu muzokaralar jafokash afg‘on zaminida tinchlik va barqarorlik o‘rnatishiga umid qilamiz.
Mintaqada iqtisodiy integratsiya jarayonlariga Afg‘onistonni keng jalb etish maqsadida “Surxon – Puli Xumri” elektr uzatish tarmog‘ini, Mozori Sharifdan Hind okeani portlariga chiqadigan temir yo‘l qurilishi kabi yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga kirishdik.
Fikrimizcha, Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlik o‘rnatish masalalari Birlashgan Millatlar Tashkilotining doimiy e’tibor markazida bo‘lib qolishi zarur.
Faqat birgalikda va yaqin hamkorlik orqali biz afg‘on xalqining ezgu orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarishimiz mumkin. Bu borada “Beqaror va vayronkor vaziyatdan – tinchlik va bunyodkorlik sari” degan tamoyil asosida ish olib borish muhimdir. Shu boisdan Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzurida afg‘on xalqining dardu tashvishini tinglaydigan, doimiy faoliyat ko‘rsatadigan qo‘mita tashkil etish lozim. Ushbu qo‘mitaning asosiy vazifasi Afg‘onistonning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga ko‘mak berishdan iborat bo‘lishi zarur.
Hurmatli davlat va hukumat rahbarlari!
Davrimizning o‘tkir muammolaridan yana biri – global iqlim o‘zgarishlaridir. Bugungi kunda har bir mamlakat bu jarayonning salbiy ta’sirini his etmoqda. Ming afsuski, bunday o‘zgarishlar Markaziy Osiyo taraqqiyotiga ham katta xavf tug‘dirmoqda.
E’tiboringizni yana bir bor Orol dengizi qurishining halokatli oqibatlariga qaratmoqchiman. Orolbo‘yi hududi ekologik fojianing markaziga aylandi. Biz mavjud ahvolni yaxshilash uchun bu yerda ikki million gektar yangi o‘simlik maydonlari va daraxtzorlar yaratish, tuproq qatlamini shakllantirish bo‘yicha ulkan ishlarni amalga oshirmoqdamiz.
Mamlakatimiz tashabbusi bilan Orolbo‘yi mintaqasi uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik trast fondi tuzildi. Umid qilamizki, ushbu fond og‘ir ekologik hududda yashayotgan aholiga amaliy yordam ko‘rsatish uchun xalqaro hamjamiyatning tayanch platformasi bo‘lib xizmat qiladi.
Biz Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb e’lon qilish haqida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif etamiz. Ushbu muhim hujjat tasdiqlangan sanani esa Xalqaro ekologik tizimlarni himoya qilish va tiklash kuni sifatida nishonlash maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Hurmatli xonimlar va janoblar!
So‘zimning yakunida yana bir fikrni ta’kidlashni istardim. Jahonning turli nuqtalarida notinchlik saqlanib qolayotgani, ziddiyat va zo‘ravonliklar ortib borayotgani, ekologik ofatlar va boshqa zamonaviy xatarlar qashshoqlik va kambag‘allikning global muammolarini kuchaytirmoqda.
Bu muammolar ayniqsa pandemiya sharoitida keskin tus olmoqda. Tobora tashvishli ohang kasb etayotgan qashshoqlikning ovozi butun dunyo hamjamiyatini, barchamizni bezovta qilishi zarur.
Shu munosabat bilan qashshoqlikni tugatish va kambag‘allikka qarshi kurashishni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi navbatdagi sessiyasining asosiy mavzularidan biri sifatida belgilash hamda ushbu masalalarga bag‘ishlangan global sammitni o‘tkazishni taklif etamiz.
Qadrli do‘stlar!
Barchamizga ravshanki, pandemiyadan keyingi dunyoning ijtimoiy-iqtisodiy manzarasi butunlay boshqacha tus oladi.
Biz xavfsizlik va barqaror taraqqiyot yo‘lidagi umumiy xatarlarga qarshi yangicha yondashuvlar asosida va yaqin hamkorlikda ishlashimiz zarur.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining muvofiqlashtiruvchi xalqaro tuzilma sifatidagi markaziy o‘rnini yanada kuchaytirish lozim.
O‘zbekiston jahonning barcha mamlakatlari bilan keng ko‘lamli va o‘zaro manfaatli sheriklikni, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning institutlari bilan amaliy muloqotni rivojlantirish uchun doimo tayyor.
E’tiboringiz uchun rahmat.