PREZIDENT SHAVKAT MIRZIYOYEVNING O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MUSTAQILLIGINING YIGIRMA TO‘QQIZ YILLIGIGA BAG‘ISHLANGAN TANTANALI MAROSIMDAGI NUTQI
Assalomu alaykum, qadrli va muhtaram vatandoshlar!
Avvalo, siz azizlarni, ko‘pmillatli butun xalqimizni O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma to‘qqiz yillik bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman.
Ayni paytda ushbu tantanali marosimni joylardagi studiyalarda, shuningdek, uylarida “oynai jahon” orqali tomosha qilayotgan, mening tabrik so‘zlarimni eshitib turgan mo‘tabar otaxon va onaxonlarimizga, munis opa-singillarimizga, aziz yoshlarimizga, barcha-barcha yurtdoshlarimga o‘zimning yuksak ehtiromimni bildiraman.
Hammangizga ma’lum, pandemiya tufayli bu yil Mustaqillik bayramini har doimgidek katta tantana va sayillar bilan nishonlay olmayapmiz.
Xalqimizning salomatligini o‘ylab, bayram tadbirlarini ixcham shaklda, onlayn rejimida o‘tkazmoqdamiz. Lekin, har yilgidek, mashhur san’atkorlarimiz ushbu qutlug‘ sanaga atab katta-katta konsertlar, badiiy dasturlar tayyorlashgan va ular televideniye orqali xalqimizga taqdim etiladi.
Hech shubhasiz, barchamiz uchun eng ulug‘ va muqaddas bo‘lgan bu bayram shukuhi oilalarimiz davrasida, qalblarimizda, yuraklarimizda davom etadi.
Hurmatli do‘stlar!
Bashariyat tarixi shundan dalolat beradiki, har bir xalq faqat erkin va ozod bo‘lgan taqdirdagina, o‘z hayoti va kelajagini mustaqil barpo etish huquqiga ega bo‘ladi. “Haq berilmas, haq olinur!” deb millat ozodligi yo‘lida jonini fido qilgan ulug‘ ajdodlarimizning buyuk maqsadi ham shu edi.
Xalqimizning beqiyos jasorati va matonati bilan Birinchi Prezidentimiz muhtaram Islom Abdug‘aniyevich Karimov boshchiligida qo‘lga kiritilgan davlat mustaqilligi ana shu asriy orzumizni amalda ta’minlagan olamshumul voqeadir.
Biz qanday tahlikali va suronli davrlarni boshimizdan kechirmaylik, qanday yutuq va natijalarga erishgan bo‘lmaylik, mustaqillik g‘oyasi, istiqlol ruhi bizga doimo tog‘dek tayanch bo‘lmoqda.
Bugun cheksiz iftixor bilan ayta olamizki, donishmand xalqimizning uzoqni ko‘ra olishi, birdamligi va fidoyi mehnati bilan barcha sinovlardan munosib o‘tib kelmoqdamiz.
Shu nuqtai nazardan, bizning insoniy qadr-qimmatimizni, g‘urur va sha’nimizni, dinu diyonatimizni, milliy davlatchiligimizni tiklab bergan Mustaqillik kuni Vatanimizning shonli tarixida hamisha eng yorqin sahifa bo‘lib qoladi.
Bugun jahon miqyosida yurtimiz haqida so‘z ketganda “Yangi O‘zbekiston” iborasi tilga olinmoqda. Bu keyingi yillarda taraqqiyotning mutlaqo yangi bosqichiga qadam qo‘yganimiz, erishayotgan zalvorli yutuqlarimizning e’tirofidir.
Xalqimizning ulug‘vor qudrati jo‘sh urgan hozirgi zamonda O‘zbekistonda yangi bir uyg‘onish – Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilmoqda, desak, ayni haqiqat bo‘ladi. Chunki bugungi O‘zbekiston – kechagi O‘zbekiston emas. Bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emas.
Istiqlol yillarida bosib o‘tgan shonli yo‘limizga nazar tashlab, ertangi kunimizga, o‘z kuch va imkoniyatlarimizga bo‘lgan ishonchimiz yanada ortmoqda. Mamlakatimizni rivojlantirishning Harakatlar strategiyasiga muvofiq barcha soha va tarmoqlarda amalga oshirayotgan islohotlarimiz bu borada hal qiluvchi omil bo‘lmoqda.
“Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan da’vatkor g‘oya hayotimizga tobora chuqur kirib bormoqda. Biz ayni shu asosda xalqimiz hayotini tubdan yaxshilash, inson huquq va erkinliklari, qonun ustuvorligi va ijtimoiy adolatni ta’minlash, innovatsion taraqqiyot borasida muhim qadamlarni qo‘ymoqdamiz.
Keng jamoatchilik, el-yurtimiz barcha ijobiy o‘zgarishlarning tashabbuskori va bunyodkoriga aylanmoqda. Mamlakatimiz fuqarolari qayerda bo‘lmasin, davlat himoyasida ekanini, qonun va adolat kuchini his etib yashamoqda.
Bugun bir haqiqatni qat’iy ishonch bilan aytish mumkin: dunyoda turli xavf-xatarlar, manfaatlar to‘qnashuvi kuchayib borayotgan hozirgi tahlikali vaziyatda O‘zbekistonda shakllangan yangi tizim o‘zini to‘la oqlamoqda.
Aziz yurtdoshlar!
Sizlarga ma’lumki, shu yil boshida 2020-yil uchun ulkan reja va maqsadlarni belgilab olgan edik. Biroq jahon miqyosida yuzaga kelgan koronavirus pandemiyasi va iqtisodiy inqiroz, Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida ro‘y bergan tabiiy va texnogen ofatlar barchamizning irodamizni jiddiy sinovdan o‘tkazdi. Tosh kelsa kemirib, suv kelsa simirib toblangan xalqimiz bu og‘ir kunlardan ham o‘zining sabr-matonati, mehr-oqibati va mehnatkashligi bilan yanada kuchli bo‘lib o‘tmoqda.
Hozirgi murakkab vaziyatda biz uchun g‘oyat muhim ikkita vazifani samarali hal etish – eng dolzarb zaruratga aylanmoqda. Ya’ni, biz aholimizning sog‘lig‘i va hayotini asrash, shu bilan birga, iqtisodiyotimizni tiklash, odamlarga ishlab daromad topishi uchun sharoit yaratib berish muammosini bir paytning o‘zida hal etmoqdamiz.
Pandemiya davrida xalqimiz tom ma’noda qudratli kuchga aylandi. Buni “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati yana bir bor yaqqol namoyon etdi. Bu ezgu tashabbus ishbilarmon va tadbirkorlarni, fidoyi yoshlarimizni, barcha-barcha vatandoshlarimizni olijanob maqsad yo‘lida birlashtirdi.
Hazrat Alisher Navoiyning:
Davron elining jismida jon bo‘lg‘il,
Ham jonlariga moyai darmon bo‘lg‘il, –
degan so‘zlari bugun yanada teran ma’no bilan yangramoqda.
Chindan ham, hozirgi davr har birimizni saxovat va himmat ko‘rsatib, xayrli ishlarimiz bilan el-yurt dardiga darmon bo‘lishga undamoqda.
Ayni vaqtda koronavirus mamlakatimiz tibbiyot tizimi uchun ham jiddiy sinov, ham ulkan tajriba maktabi bo‘ldi.
Bu baloga qarshi kurashish bo‘yicha so‘nggi olti oy davomida misli ko‘rilmagan ishlarni amalga oshirdik. Jumladan, ko‘plab yangi shifoxonalar va karantin zonalari ishga tushirildi. Katta miqdorda qo‘shimcha tibbiyot uskunalari va tez yordam mashinalari xarid qilindi. Eng ilg‘or xorijiy amaliyot va o‘zimizda to‘plangan tajriba asosida davolash usullari takomillashtirib borilmoqda. Koronavirusga qarshi kurashda tunu kun metin iroda bilan faoliyat yuritayotgan tibbiyot xodimlarining fidokorona mehnatini munosib qadrlash doimiy e’tiborimizda turibdi. Bunday chora-tadbirlarimiz natijasida minglab bemorlar shifo topib, oilasi bag‘riga qaytmoqda.
Chet davlatlarga mehnat qilish va o‘qishga ketib, pandemiya tufayli qiynalib qolgan yurtdoshlarimizni o‘z uylariga qaytarish, tegishli yordam ko‘rsatish bo‘yicha amalga oshirgan katta ishlarimiz davom ettirilmoqda.
Hech kim hech qachon unutmasligi kerak: qanchalik qiyin bo‘lmasin, qancha mablag‘ va imkoniyat talab etilmasin, O‘zbekistonning bironta fuqarosi o‘z holiga tashlab qo‘yilmaydi.
Barchangizga yaxshi ma’lum, dunyoda ikki soha vakillari o‘z kasbiga sadoqat borasida qasamyod qabul qiladi: bular – Vatan himoyachilari bo‘lgan harbiylar va inson salomatligiga mas’ul shifokorlar. Buning bejiz emasligini bugun hayotning o‘zi tasdiqlamoqda. Muqaddas qasamyodiga sodiq bo‘lgan shifokorlarimiz hozirgi murakkab vaziyatda, kerak bo‘lsa, aziz jonlarini fido qilib, qahramonlarcha mehnat qilmoqdalar.
Xalqimiz, davlatimiz sizlarning matonat va jasoratingizni hech qachon unutmaydi.
Biz nechog‘lik harakat qilmaylik, afsuski, bu xavfli kasallik bir qancha vatandoshlarimizning umriga zomin bo‘ldi. Bu og‘ir yo‘qotishlar yuraklarimizni larzaga soldi. Negaki, bu insonlarning har biri bizning jigarlarimiz edi.
Shu o‘rinda yaqinlaridan judo bo‘lgan yurtdoshlarimizga chuqur hamdardlik bildirib, ularga Yaratgandan sabr-toqat va bardosh tilayman.
Qadrli vatandoshlar!
Xalqimizda “Oqqan daryo – oqaveradi” degan hikmatli gap bor. Buni bugungi murakkab vaziyatda amalga oshirayotgan ulkan ishlarimiz isbotlab turibdi.
Jahon banki, Xalqaro valyuta jamg‘armasi kabi nufuzli moliya tashkilotlari dunyodagi sanoqli mamlakatlar qatorida O‘zbekistonda iqtisodiyotning pasayishiga yo‘l qo‘yilmaganini ta’kidlamoqda va keyingi yillarda sezilarli o‘sish kutilayotganini prognoz qilmoqda. Bu albatta o‘z vaqtida ko‘rgan tezkor choralarimizning samarasidir.
Karantin cheklovlariga qaramasdan, sanoat va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish bo‘yicha boshlagan keng ko‘lamli ishlarimizni izchil davom ettirmoqdamiz.
Aholimizning asosiy qismi o‘zining daromad manbalari va turmush darajasini saqlab qolishiga erishdik. Karantin talablari joriy etilishi natijasida 72 ming 500 ta sanoat korxonasidan 16 ming 700 tasi o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan edi. Bu borada qilgan tizimli ishlarimiz hisobidan 16 ming 600 ta korxonada ishlab chiqarish jarayoni tiklandi.
Mamlakatimiz korxonalari mahsulotlarini jahon bozorlariga olib chiqish bo‘yicha belgilangan rejalar ham bajarilmoqda. Yil boshidan buyon 9 milliard dollarlik mahsulotni eksport qilishga erishganimiz ham buni tasdiqlab turibdi.
Shu o‘rinda bir raqamga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Bu yil respublikamizda birgina sanoat sohasida umumiy qiymati 11 milliard dollar bo‘lgan loyihalar ishga tushiriladi.
Ana shunday yirik loyihalar qatorida yangi Toshkent metallurgiya zavodini alohida qayd etish zarur. Germaniya va Italiyaning zamonaviy texnologiyalari o‘rnatilgan ushbu korxona ekologik jihatdan eng toza va xavfsiz bo‘lib, yiliga 500 ming tonna metall prokati ishlab chiqaradi.
“Navoiyazot” korxonasida yiliga 500 ming tonna azot kislotasi va 100 ming tonna polivinilxlorid ishlab chiqaradigan zavodlar foydalanishga topshirildi. Yil oxiriga qadar bu yerda yiliga 660 ming tonna ammiak va 577 ming tonna karbamid ishlab chiqaradigan zavodlar ham faoliyat boshlaydi. Yangitdan barpo etilayotgan “O‘zbekiston JTL” zavodida “Sho‘rtangazkimyo” kompleksining metan gazi asosida yiliga 1,5 million tonna sintetik yoqilg‘i olish yo‘lga qo‘yilmoqda.
Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida rangli va qimmatbaho metallar tayyorlashni uch barobar ko‘paytirishga doir, shuningdek, neft, kimyo, elektrotexnika, qurilish materiallari sanoati, farmatsevtika, to‘qimachilik, charm-poyabzal va boshqa tarmoqlar bo‘yicha ham yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.
Iqtisodiy sohadagi ana shunday keng ko‘lamli islohotlar tufayli xalqaro valyuta zaxiralarimizning hajmi qariyb 5,5 milliard dollarga oshib, jami 34 milliard AQSh dollarini tashkil etmoqda. Bu, hech shubhasiz, katta yutug‘imizdir.
Iqtisodiyotimizda barqaror o‘sish sur’atlarini ta’minlashda qishloq xo‘jaligi alohida rol o‘ynamoqda. Sohani modernizatsiya qilish maqsadida xalqaro moliya tashkilotlarining mablag‘lari hisobidan qiymati 1 milliard 200 million dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, har bir hududda zamonaviy agroxizmat markazlarini tashkil etish uchun Jahon bankining 500 million dollarlik mablag‘i jalb etildi.
Biz keyingi yillarda qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga birinchi marta shunday ulkan moliyaviy resurslarni yo‘naltirmoqdamiz.
Mirishkor dehqon va fermerlarimiz bu yilgi murakkab sharoitda fidokorona mehnat qilib, g‘alladan olti yarim million tonnaga yaqin hosil yetishtirdilar. Chorvachilik, parrandachilik, bog‘dorchilik, sabzavot va poliz ekinlari yetishtirish bo‘yicha ham salmoqli natijalarga erishilmoqda.
Imkoniyatdan foydalanib, rizq-ro‘zimiz bunyodkori bo‘lgan dehqon va fermerlarimizga, yerning haqiqiy egasiga aylanayotgan klaster xo‘jaliklari xodimlariga, barcha dala mehnatkashlariga samimiy minnatdorchilik bildirishga ruxsat bergaysiz.
Hurmatli do‘stlar!
Xususiy tadbirkorlik va kichik biznes sohasini rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Pandemiya davrida tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash hamda ular o‘z faoliyatini davom ettirishi uchun biznes subyektlariga turli imtiyoz va yengilliklar berilgani sizlarga yaxshi ma’lum.
Bu yil “Har bir oila – tadbirkor” dasturini amalga oshirish uchun 4 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltiriladi.
Ishonchim komil, ana shunday tizimli ishlarimiz orqali yil yakuniga qadar ishlab chiqarish quvvatlarining uzluksiz faoliyatini va iqtisodiyotimiz barqarorligini albatta ta’minlaymiz.
Ulkan qurilish maydoniga aylangan mamlakatimizda ko‘plab yangi-yangi korxona va turar-joylar, yo‘l va ko‘priklar, infratuzilma obyektlari, ilm-fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport maskanlari barpo etilmoqda. Hozirgi vaqtda birgina ijtimoiy sohaning o‘zida 2 ming 400 ga yaqin obyektda qurilish ishlari jadal olib borilmoqda.
Poytaxtimizdagi kuni kecha foydalanishga topshirilgan yangi yer osti va yer usti metro liniyalari, G’alaba bog‘i, Adiblar xiyoboni singari muhtasham majmualar, barcha hududlarimizda qad ko‘tarayotgan zamonaviy bino va inshootlar xalqimizning ulkan bunyodkorlik salohiyatidan yorqin dalolatdir.
Qadrli bayram ishtirokchilari!
Ma’lumki, milliy mustaqilligimizning bosh maqsadi yurtimizdagi har bir insonning izzat-hurmati va qadr-qimmatini joyiga qo‘yishdan iboratdir.
Biz ana shu ezgu ishni davom ettirib, ijtimoiy adolat tamoyili asosida aholining yordamga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allikni kamaytirishni davlat siyosati darajasiga ko‘tardik. Jumladan, ijtimoiy nafaqa bilan ta’minlanadigan aholi soni qariyb 1,5 barobar oshirildi. Yil yakuniga qadar ularning soni hozirgi 774 mingdan 1 million 200 ming nafarga yetkaziladi. Ushbu toifani qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiyotimizni tiklash uchun davlat budjetidan o‘n ikki yarim trillion so‘m mablag‘ ajratildi.
Keyingi paytda uyma-uy yurib o‘rganish orqali aholini ijtimoiy himoya qilish, ehtiyojmand oilalarni aniqlashning o‘ziga xos yangi tizimi shakllantirildi. Shu asosda, umumiy hisobda, moddiy yordam ko‘rsatish uchun 417 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Shuningdek, sentabr oyida moddiy yordam va ko‘makka muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan oilalarning farzandlarini va nogironligi bo‘lgan bolalarni qishki kiyim-bosh to‘plamlari, maktab formasi va o‘quv qurollari bilan ta’minlash maqsadida 426 milliard so‘mga yaqin moddiy yordam ko‘rsatiladi.
O‘zbekiston tarixida ijtimoiy soha bo‘yicha bunday keng ko‘lamli ishlar ilgari hech qachon bo‘lmagan.
Bugungi qutlug‘ ayyomda Vatanimiz kelajagi bo‘lgan yoshlarimizning kamoli yo‘lida qilayotgan ishlarimizni esga olishimiz tabiiydir.
So‘nggi to‘rt yilda mamlakatimizda 43 ta yangi oliy ta’lim muassasasi tashkil etilib, ularning soni 121 taga yetdi. Bu yil oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun bir yarim millionga yaqin yoshlarimiz hujjat topshirdi. Bu raqam o‘tgan yilga nisbatan 40 foiz ko‘p demakdir.
Ushbu ko‘rsatkichlar, avvalo, farzandlarimiz va ularning ota-onalari qalbidagi ertangi kunimizga, kelajakka bo‘lgan katta orzu-umid va ishonchdan darak beradi.
Ana shu o‘g‘il-qizlarimiz yaqinda kirish imtihonlarini topshiradi. Kelinglar, bo‘lg‘usi sinovlarda hamma farzandlarimizga omad va zafarlar tilaylik!
Yosh avlod tarbiyasida hal qiluvchi o‘rin tutadigan bog‘chalar va maktablar tizimida ham ulkan o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Prezident maktablari, ixtisoslashgan va ijod maktablari barpo etish, “Zamonaviy maktab” dasturini joriy etish borasidagi ishlarimiz ham uzluksiz davom ettirilmoqda.
Yurtimizda Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar masalalari bo‘yicha idoralararo kengash tashkil etildi. Oliy Majlis palatalari huzurida Yoshlar parlamentlari, Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshida Yoshlar akademiyasi tuzildi. Hududlarda “Loyihalar fabrikasi” ish boshladi.
“Yoshlar – kelajagimiz” davlat dasturi doirasida iqtidorli va tashabbuskor o‘g‘il-qizlarimizning 8 mingdan ziyod biznes loyihalariga qariyb 1,7 trillion so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratildi.
Farzandlarimizning iste’dod va qobiliyati, ezgu intilishlarini to‘liq ro‘yobga chiqarish, ijtimoiy faolligini oshirish, hayotda munosib o‘rin egallashlari uchun barcha imkoniyatlarni yaratib berish bundan buyon ham bosh maqsadimiz bo‘lib qoladi.
Oila, onalik va bolalikni himoya qilish, xotin-qizlarning huquq va manfaatlari, ayollarning mehnat va turmush sharoitini yaxshilash, gender tenglikni ta’minlash borasidagi ishlarimiz ham izchil davom ettirilmoqda.
Xabaringiz bor, kam ta’minlangan oilalarda kamol topayotgan qizlarimizning bilim olish imkoniyatini kengaytirish uchun bu yil yangi tizim joriy etdik. Unga muvofiq, ushbu o‘quv yilida oliy ta’lim dargohlarining kunduzgi bo‘limlariga bunday qizlarimiz uchun davlat granti asosida 940 ta qo‘shimcha o‘rin ajratildi.
Aziz vatandoshlar!
Hozirgi paytda dunyo miqyosida raqobat qanday keskin tus olib borayotganini hammamiz ko‘rib turibmiz. Bu shiddatli raqobatga faqat zamonaviy ilm-fan va innovatsiya yutuqlarini keng joriy etish orqali munosib javob bera olamiz. Shuning uchun ham ushbu strategik vazifa bizning faoliyatimizda ustuvor yo‘nalishga aylanmoqda.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston olimlari fundamental fan va uning natijalarini amaliyotga tatbiq etish borasida bir qator yutuqlarni qo‘lga kiritmoqdalar. Xususan, matematika, fizika, kimyo, biologiya, astronomiya, farmatsevtika, geologiya, seysmologiya va boshqa sohalarda jiddiy amaliy natijalarga erishilmoqda. Matematika, kimyo, biologiya fanlarini rivojlantirish va ularni o‘qitish borasidagi ishlarimiz yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
O‘ylaymanki, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi xalqaro mukofotni ta’sis etganimiz matematika sohasida yosh iqtidor egalarini rag‘batlantirishda yana bir muhim omil bo‘ladi.
Ma’lumki, har qanday mustaqil davlat mustahkam ma’naviy poydevorga ega bo‘lgandagina yuksak taraqqiyotga erisha oladi.
Shu maqsadda biz “Uzluksiz ma’naviy tarbiya konsepsiyasi” doirasida umumta’lim maktablarida birinchi marta “Tarbiya” fanini joriy etmoqdamiz.
Milliy davlatchiligimiz va o‘zligimiz timsoli bo‘lgan ona tilimizni rivojlantirish bu borada eng muhim yo‘nalish bo‘lib qoladi. Xudo xohlasa, bu yil 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kunini butun mamlakatimiz miqyosida keng nishonlaymiz.
Keyingi paytda qabul qilingan farmon va qarorlar asosida madaniyatimiz va san’atimiz rivoji yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohalar rivojiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishi jadal davom ettirilmoqda. Ushbu betakror majmua xalqimizning asrlar davomida jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan ulkan hissasini namoyon etadi. Yaqinda Imom Moturidiy ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish borasida boshlagan sa’y-harakatlarimiz ham mana shu xayrli ishlarning uzviy davomidir.
Mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash bo‘yicha ham katta ishlar amalga oshirilmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari kengashi sessiyasida Sud-huquq tizimida O‘zbekiston erishayotgan amaliy natijalarning e’tirof etilgani bu boradagi faoliyatimizga berilgan xolis bahodir.
Yurtimizda birinchi marta “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi” qabul qilindi.
Shu yil avgust oyida yoshlar huquqlarini himoya qilishning dolzarb masalalariga bag‘ishlab Samarqand veb-forumi o‘tkazildi. U nafaqat mamlakatimiz, balki jahon yoshlari hayotini yaxshilash uchun global hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgani bilan muhim ahamiyat kasb etadi.
Yurtimizda sud-huquq tizimini takomillashtirish, jinoyatga oid qonunchilikni liberallashtirish, to‘g‘ri yo‘ldan adashgan insonlarni sog‘lom hayotga qaytarish yuzasidan ham tarixiy qadamlar tashlandi.
So‘nggi paytda jazoni o‘tayotgan shaxslarga nisbatan afv instituti keng qo‘llanayotgani xalqimizga xos bag‘rikenglik va insonparvarlikning amaliy ifodasidir. Ana shu ishlarimizning mantiqiy davomi sifatida Mustaqillik bayrami arafasida yana bir Farmonga imzo chekdim. Unga ko‘ra, qilmishiga chin dildan pushaymon bo‘lib, qat’iy tuzalish yo‘liga o‘tgan 73 nafar shaxs jazoni o‘tash muassasalaridan ozod qilinib, o‘z oilasi bag‘riga qaytarildi. Shuningdek, 40 nafar fuqaroning jazo muddatlari qisqartirildi.
Inson huquqlarining eng muhim sharti bo‘lgan shaxsning fuqaroligini tiklash bo‘yicha ham salmoqli qadamlar qo‘yildi. Ko‘p yillar davomida yurtimizda yashab kelayotgan bo‘lsa-da, fuqarolik ololmay yurgan, bu yuksak maqomni uzoq vaqt intiqib kutgan 50 mingdan ziyod kishiga O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi berildi.
Taraqqiyot kushandasi bo‘lmish illat – korrupsiyaga qarshi mamlakatimizda keng ko‘lamda kurash olib borilmoqda. Shu borada yangi tuzilma – Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligini tashkil etganimiz bu masalaning dolzarbligi va doimiy e’tiborimizda bo‘lishidan dalolat beradi.
Jamiyatimiz hayotining barcha jabhalarini erkinlashtirish, so‘z va matbuot erkinligi, ochiqlik va oshkoralik tamoyillarini chuqur qaror topdirish, davlat hokimiyati idoralari faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazoratini o‘rnatish bo‘yicha boshlagan ishlarimiz ortga qaytmas tus olganini yana bir bor ta’kidlamoqchiman.
Barchangiz xabardorsiz, hozirgi murakkab sharoitga qaramasdan, biz zimmamizga olgan barcha xalqaro majburiyatlar va kelishuvlarni to‘liq bajarib kelmoqdamiz. Xorijiy sheriklarimiz bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni faol rivojlantirmoqdamiz.
Fursatdan foydalanib, koronavirusga qarshi kurashda bizga amaliy ko‘mak bergan Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga, shuningdek, Xitoy, Rossiya, AQSh, Turkiya, Janubiy Koreya, Birlashgan Arab Amirliklari, Germaniya, Yaponiya va boshqa hamkor davlatlarga xalqimiz nomidan samimiy tashakkur izhor etaman.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilma investitsiyalar banki va boshqa tashkilotlarga qo‘shma dastur va loyihalarni qo‘llab-quvvatlash hamda pandemiya oqibatlarini yumshatish borasida ko‘rsatgan yordamlari uchun minnatdorlik bildiraman.
Ayni vaqtda bizni Mustaqillik bayrami bilan qutlayotgan barcha uzoq-yaqin davlatlarning xalqlariga, chet ellik do‘stlarimiz va hamkorlarimizga tinchlik-omonlik, farovonlik va ravnaq tilayman.
Muhtaram yurtdoshlar!
Bugungi og‘ir vaziyat har birimizdan o‘z faoliyatimiz va mas’uliyatimizni yanada kuchaytirishni talab etmoqda.
Xalqimizda “Ko‘z – qo‘rqoq, qo‘l – botir”, degan chuqur ma’noli ibora bor. Bugungi sharoitda bizning ko‘zimiz ham, qo‘limiz ham, yuragimiz ham botir bo‘lishi kerak. Belimizni mahkam bog‘lab, pok niyat bilan mehnat qilsak, shubhasiz, ko‘zlagan marralarimizga erishamiz.
Muqaddas kitoblarda aytilganidek, har qanday qiyinchilik ortidan albatta bir yengillik keladi. Barchamiz bunga ishonamiz va qodir Ollohdan shuni so‘raymiz.
Hali ko‘p Navro‘z va Hayit ayyomlarini, tarixiy sanalar va umumxalq bayramlarini hammamiz birgalikda shodu xurramlik bilan o‘tkazamiz, inshoolloh.
Mana, kelgusi yili davlatimiz mustaqilligiga o‘ttiz yil to‘ladi. Mamlakatimiz tarixidagi ushbu unutilmas shonli sanani har tomonlama munosib nishonlashni niyat qilganmiz. Ilohim, shu kunlarga sog‘-omon, yorug‘ yuz bilan yetish hammamizga nasib etsin.
Ma’lumki, bugungi bayram arafasida turli soha va tarmoqlarda fidokorona mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizning katta bir guruhi davlatimizning faxriy unvon, orden va medallari bilan taqdirlandi. Ularning barchasini qizg‘in tabriklab, ijtimoiy faoliyatlari va shaxsiy hayotlarida yangi-yangi muvaffaqiyatlar tilayman.
Bugungi imkoniyatdan foydalanib, o‘z insoniy burchi va fuqarolik mas’uliyatini chuqur anglab, istiqlolimizni mustahkamlash uchun fidokorona mehnat qilayotgan ishchi va xizmatchilarga, quruvchi va tadbirkorlarga, fermer va dehqonlarga, navqiron yoshlarimizga yana bir bor samimiy rahmat aytaman.
El-yurt manfaati yo‘lida o‘zini ayamasdan xizmat qilayotgan hurmatli deputatlar va senatorlarimizga, hokimiyat idoralari xodimlari va mahalla faollariga, harbiy libos kiygan o‘g‘lonlarimizga, ilmiy va ijodkor ziyolilarga, muhtaram nuroniylarimizga, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillariga chin qalbimdan tashakkur izhor etaman.
Men turli sinov va kurashlarda toblangan, iymon-irodasi mustahkam xalqimizning aql-zakovati va azmu shijoatiga ishonaman.
Mana shunday buyuk insoniy fazilatlar sohibi bo‘lgan, ayniqsa, bugungi sinovli kunlarda o‘zining matonati va hamjihatligi bilan chinakam jasorat ko‘rsatayotgan qahramon xalqimizga farzandlik mehri va sadoqati bilan bosh egib ta’zim qilaman.
Aziz va muhtaram vatandoshlarim!
Sizlarni O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma to‘qqiz yillik bayrami bilan yana bir bor chin dildan tabriklayman.
Barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt va omad yor bo‘lsin!
Farzandlar, nabiralar kamolini ko‘rib yurish hammamizga nasib etsin!
Go‘zal va betakror yurtimiz hamisha tinch va farovon bo‘lsin!
Mehnatkash va olijanob, bag‘rikeng xalqimiz doimo sog‘-omon bo‘lsin!
Yaratganning o‘zi barchamizni panohida asrasin!
Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!