Vengriya Elchisi bilan uchrashuv to‘g‘risida
2023-yil 31-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri v.b. Baxtiyor Saidov Vengriyaning Favqulodda va Muxtor Elchisi Gyula Kovachni qabul qildi.
O‘zbekiston Vengriyani Yevropadagi asosiy hamkorlaridan biri deb bilishi, ikki tomonlama muloqotni rivojlantirish va amaliy hamkorlik kun tartibini kengaytirishdan manfaatdor ekani ta’kidlandi.
Oliy darajadagi muzokaralar doirasida erishilgan kelishuvlarni to‘liq amalga oshirishning amaliy jihatlari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni, jumladan, Oʻzbekiston iqtisodiyoti tarmoqlarida aniq qoʻshma loyihalarni amalga oshirish orqali kengaytirish boʻyicha takliflar muhokama qilindi.
Tomonlar mintaqaviy va xalqaro birlashmalar, xususan, BMT va Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlikni mustahkamlashga tayyor ekani tasdiqlandi. Shuningdek, O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni tez fursatlarda imzolash hamda O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilishi dolzarbligi qayd etildi.