O‘zbekiston TIV rahbari Germaniya Elchisini qabul qildi
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri v.b. Baxtiyor Saidov 2023-yil 12-yanvar kuni Germaniya Federativ Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Tilo Klinner bilan uchrashuv o'tkazdi. Unda O‘zbekiston-Germaniya munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Oliy va yuqori darajadagi siyosiy muloqot ijobiy surʼatlarda rivojlanayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Tomonlar ikki va ko‘p tomonlama shakllarda rejalashtirilgan tadbirlarning tashkiliy va mazmunli jihatlari yuzasidan fikr almashdilar.
O‘zbekiston va Germaniya savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, jumladan, mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini diversifikatsiya qilish va qo‘shma korxonalar sonini ko‘paytirishdan manfaatdor ekani taʼkidlandi.
Madaniyat, taʼlim va fan sohalarida O‘zbekiston-Germaniya hamkorligini kengaytirish imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratildi.