Hukumat rahbarlari O‘zbekiston-Rossiya biznes-forumida ishtirok etdi
Samarqandda O‘zbekiston – Rossiya biznes forumi davom etmoqda.
Unda ikki davlat vazirlik va idoralari, mintaqalari, tarmoq birlashmalari va uyushmalar rahbarlari, shuningdek, 500 dan ortiq yetakchi kompaniya hamda korporatsiyalar vakillari ishtirok etmoqda.
Bugun forumda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Rossiya Federatsiyasi Hukumati raisi Mixail Mishustin ishtirok etib, so‘zga chiqdi.
Joriy yilning 15 sentyabrida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev va Prezident Vladimir Putin O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida keng qamrovli strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladi. Ushbu deklaratsiya mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning yangi davrini boshlab bergani qayd etildi.
O‘zbekistonda ishbilarmonlik muhiti, tadbirkorlarga yaratilayotgan sharoitlar haqida so‘z borganda iqtisodiyotda davlat ulushini qisqartirish va xususiylashtirish jarayonini yanada chuqurlashtirish masalalariga jiddiy e'tibor berilayotganini ta'kidlash o‘rinli. Yaratilgan qulay investisiyaviy muhit, biznesni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar mamlakatimiz iqtisodiyoti o‘sishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
So‘nggi yillarda yurtimizda biznes tartiblari ancha soddalashtirildi, ruxsatnoma va lisenziya berish shartlari optimallashtirilib, soliqlar qisqartirilmoqda. Bu chora-tadbirlar qulay biznes-muhit yaratish imkonini berdi. Shuningdek, tadbirkorlik sub'ektlari soni ikki baravar oshgani ham bu islohotlar samarasidir. Iqtisodiyotning diversifikasiya qilinishi natijasida bugungi kunda eksport tarkibida xomashyo qatorida tayyor mahsulotlarning salmog‘i ortib bormoqda.
Rossiya O‘zbekistonning eng yirik savdo-investisiya sheriklaridan biri sanaladi. Bugungi kunda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro savdoda yuqori o‘sish sur'atlari kuzatilmoqda.
Hukumatlar rahbarlari forum doirasida tashkil etilgan “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” nomli ko‘rgazmada qatnashdi.
Ko‘rgazmadan mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan yengil sanoat, charm-poyabzal, elektrotexnika, kimyo, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, qurilish materiallari, shuningdek, zargarlik buyumlari o‘rin olgan.