YXHTning OAV erkinligi bo‘yicha vakili bilan uchrashuv to’g’risida
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining ommaviy axborot vositalari erkinligi bo‘yicha vakili Tereza Ribeyru bilan uchrashdi.
YXHTning OAV erkinligi bo‘yicha vakili ofisi bilan tomonlarni qiziqtirgan barcha sohalarda o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.
Bugun O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida axborot sohasini takomillashtirish borasida tub o‘zgarishlar amalga oshirilayotgani, umume’tirof etilgan xalqaro standartlar asosida ochiqlik va ommaviy axborot vositalari erkinligini ta’minlashga sodiqlik siyosati faol yuritilayotgani qayd etildi.
Ta’kidlanganidek, YXHTning OAV erkinligi bo‘yicha vakili idorasi bilan ishonch va o‘zaro hurmatga asoslangan yaqin va ochiq hamkorlik o‘tgan yillar davomida jadal rivojlanib bormoqda.
Jurnalistlar, blogerlar, shuningdek, respublika davlat organlari matbuot kotiblarining xorijiy mutaxassislar va YXHT ekspertlari ishtirokida treninglar va o‘quv kurslari tashkil etish orqali kasbiy mahoratini oshirishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Jurnalist ayollarning huquqlarini ta’minlash va malakasini oshirishga bag‘ishlangan qator seminarlarni birgalikda o‘tkazishdan manfaatdorlik bildirildi.