“Germaniya + Markaziy Osiyo” shaklidagi uchrashuv toʻgʻrisida
2022-yil 1-dekabr kuni YEXHT Vazirlar kengashining Lodz shahrida boʻlib oʻtgan navbatdagi yigʻilishi doirasida “Germaniya + Markaziy Osiyo” shaklida vazirlar uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Germaniya va Markaziy Osiyo davlatlari tashqi siyosat idoralari rahbarlari ishtirok etdi.
Uchrashuvda mintaqamiz davlatlari bilan Germaniya oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov oʻz nutqida Oʻzbekiston-Germaniya kun tartibidagi dolzarb masalalarga, shuningdek, “Markaziy Osiyo – Germaniya” va “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” shakllaridagi oʻzaro hamkorlikka toʻxtaldi.
Vazir Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbokning Oʻzbekistonga yaqinda amalga oshirgan tashrifi samarali natijalarini qayd etib, bu oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash yoʻlidagi yana bir muhim qadam boʻlganini taʼkidladi.
Qayd etilganidek, tomonlar tovar ayirboshlash, qoʻshma korxonalar sonini koʻpaytirish, Oʻzbekiston iqtisodiyotiga nemis texnologiyalarini jalb etishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Shu munosabat bilan Savdo va investitsiya boʻyicha hukumatlararo ishchi guruhi, moliyaviy-texnik hamkorlik boʻyicha hukumatlararo muzokaralar, Germaniya-Oʻzbekiston ishbilarmonlar kengashi va boshqa yigʻilishlarni muntazam oʻtkazish zarurligi taʼkidlandi.
“Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” sammiti (27-oktabr, Ostona), “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” vazirlar uchrashuvi va “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” oʻzaro bogʻliqlik: “Barqaror rivojlanish uchun global darvozalar” (Samarqand, 17-18-noyabr) kabi xalqaro tadbirlar davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish muhimligi qayd etildi.