Sloveniya Bosh vaziri oʻrinbosari, Tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv toʻgʻrisida
2022-yil 1-dekabr kuni Lodz shahrida boʻlib oʻtayotgan YEXHT Vazirlar kengashining 29-majlisi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Sloveniya Bosh vaziri oʻrinbosari, Tashqi ishlar vaziri Tanya Anna Fayon bilan uchrashdi.
Muloqotda oʻzaro manfaatli barcha yoʻnalishlarda davlatlararo hamkorlikni, shuningdek, xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Boʻlajak muloqotlar jadvali va tashkiliy jihatlari, jumladan, Sloveniya Tashqi ishlar vazirining 2023-yilda Oʻzbekistonga rejalashtirilgan tashrifi koʻrib chiqildi.
Vazirlar keng doiradagi masalalarni muhokama qilish imkonini beruvchi TIVlararo siyosiy maslahatlashuvlar amaliyotini davom ettirish zarurligini qayd etdilar.
Taʼkidlanganidek, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy soha ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yoʻnalishi hisoblanadi. Tomonlar elektronika, farmatsevtika va kimyo, metallurgiya sanoati sohalarida investitsiyaviy aloqalarni kengaytirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.
Muzokaralarda, shuningdek, dolzarb mintaqaviy masalalar, xususan, Afgʻonistondagi mavjud vaziyat muhokama qilindi.
Sloveniya tomoniga Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Afgʻoniston hukumati bilan tomonlarning majburiyatlarini bosqichma-bosqich bajarish algoritmini tayyorlash va kelishish uchun yuqori darajadagi xalqaro muzokaralar guruhini shakllantirish tashabbusi haqida maʼlumot berildi.