V.Norov: Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasining maqsad va vazifalari YXHT tamoyillarini to‘liq aks ettiradi
2022-yilning 1-dekabr kuni Lodz shahrida (Polsha) Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) Tashqi ishlar vazirlari kengashining 29-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda YXHT va unga qarashli tuzilmalar rahbarlari, tashkilotga a’zo davlatlarning tashqi ishlar vazirlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston TIV rahbari o‘z nutqida tadbir ishtirokchilariga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida barcha jabhalarida demokratik o‘zgarishlarni chuqurlashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli va jadal islohotlar haqida ma’lumot berdi.
Qayd etilganidek, joriy yilda qabul qilingan 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasining maqsad va vazifalari YXHT tamoyillarini to‘la aks ettiradi.
O‘zbekiston inson huquqlari va qadr-qimmatini qat’iy himoya qilish, ommaviy axborot vositalarining ochiqligini, sud hokimiyati mustaqilligi va qonun ustuvorligini, diniy e’tiqod erkinligini ta’minlash, korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘lida qat’iy ekani hamda YXHT bilan hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirishga manfafatdorligi ta’kidlandi.
V.Norov mamlakatimizda boshlangan konstitutsiyaviy islohotlar jarayoni Yangi O‘zbekistonni rivojlantirishning uzoq muddatli strategiyasini amalga oshirish uchun mustahkam huquqiy asos yaratish va demokratik islohotlarning orqaga qaytmasligini ta’minlashga qaratilganini ta’kidladi.