Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri YXHT doirasida ishonchli aloqalarni oʻrnatish maqsadida muloqot maydonini saqlab qolishga chaqirdi
2022-yil 1-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov YXHT Vazirlar kengashi majlisi doirasida tashkil etilgan “Hurmat va sodiqlikni qanday tiklash mumkin? YXHT uchun ssenariylar” mavzusidagi davra suhbatida ishtirok etdi.
Tadbirda YXHTning amaldagi raisi, Bosh kotibi, Parlament assambleyasi prezidenti, tashkilotga aʼzo mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari ishtirok etdi.
Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri V.Norov oʻz nutqida xavfsizlik va farovonlik yoʻlidagi umumiy maqsadlarga erishish uchun YXHT doirasida qarama-qarshilikdan voz kechish va oʻzaro ayblovlarga oʻtib ketmaslik zarurligini taʼkidladi.
Tomonlar oʻrtasida ishonchli aloqalarni oʻrnatish uchun muloqot platformasini saqlab qolish zarurligi qayd etildi.
Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirining taʼkidlashicha, davom etayotgan kelishmovchiliklar yoki mojarolarga qaramay, oʻzaro hurmat va Tashkilotning asosiy tamoyillariga sodiqlikni kuchaytirishga intilib, umumiy oqilona yechimlarni izlash zarur.
V.Norov Tashkilot faoliyatini takomillashtirishning ayrim masalalariga ham toʻxtalib oʻtdi.
Mamlakatimiz Tashqi ishlar vaziri oʻtgan yili Stokgolmda YXHT Vazirlar kengashining iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq muammolarga qarshi kurashishda hamkorlikni mustahkamlash toʻgʻrisidagi qarori qabul qilinganini yuqori baholadi.
“Shuningdek, YXHTni toʻlaqonli tashkilotga aylantirish jarayonini yakunlash kerak. Nizom qabul qilish, ijro tuzilmasini toʻliq takomiliga yetkazish, Tashkilot doirasida qarorlar qabul qilishning shaffof va nazorat qilinadigan mexanizmini ishlab chiqish zarur”, — dedi V.Norov.