Polshaning rasmiy, ekspert, ishbilarmon va ilmiy doiralari vakillari bilan uchrashuv to‘g֥‘risida
2022-yilning 30-noyabr kuni mamlakatimizning Varshavadagi Elchixonasida Polsha parlamenti vakillari, ekspertlar, ishbilarmonlar, akademik va jurnalistlar doiralari, shuningdek, O‘zbekiston-Polsha munosabatlarini rivojlantirish masalalariga jalb etilgan Polshaning vazirlik va idoralari xodimlari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi (jami - 50 dan ortiq kishi).
Uchrashuvda ishtirokchilarga “Yangi O‘zbekistonni” rivojlantirish strategiyasining mazmun-mohiyati, konstitutsiyaviy islohot, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahnamoligida mamlakat hayotining barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida ma’lumot berildi. O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari, O‘zbekiston bilan Polsha o‘rtasidagi savdo va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirishning salohiyatli yo‘nalishlari haqida so‘z yuritildi.
Polsha ishbilarmon va rasmiy doiralari vakillari O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlar, iqtisodiyot, ijtimoiy soha va tashqi siyosatdagi tub ijobiy o‘zgarishlarni yuqori baholadi.
“Polsha – Osiyo” Savdo-sanoat palatasi prezidenti Yanush Piechochinskiy (Polsha bosh vazirining sobiq o‘rinbosari, iqtisodiyot vaziri) so‘nggi yillarda ikki tomonlama munosabatlar jadal rivojlanayotganini ta’kidladi.
– Barcha sohalarda, jumladan, iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi, turizm, ta’lim sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirish uchun katta imkoniyatlar mavjud.
O‘zbekiston va Polsha Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropaning asosiy davlatlari hisoblanadi. Ular Yevropa, Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida “ko‘prik” rolini o‘ynashi mumkin.
Bugungi kunda Polsha iqtisodiyot bo‘yicha Yevropada 6-o'rinda, dunyoda 22-o'rinda. Polsha O‘zbekistondagi taraqqiyot, mamlakat rahbariyati tomonidan xavfsizlikni mustahkamlash, barqaror rivojlanish, qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni katta qiziqish bilan kuzatmoqda.
Shuningdek, biz Polshada mehnat migratsiyasi sohasida (Polsha bozorida 5-6-o‘rinlarda) O‘zbekiston fuqarolari sonining (taxminan 20 ming) ortib borayotganini ko‘rmoqdamiz”, - dedi u.
O‘zbekistonning Poznan shahridagi faxriy konsuli, Varshava boshqaruv universiteti rektori Pavel CHarnetskiy ta’lim sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi darajasini yuqori baholadi.
– Bugun O‘zbekiston butun dunyoga ulkan salohiyatni namoyish etmoqda. Universitetimiz Osiyoda, yaʼni Andijonda oʻz filialini ochgan birinchi Polsha universitetidir. Biz uchinchi yildirki muvaffaqiyatli ishlayapmiz va o‘zbek yoshlarining Yevropa ta’lim tizimiga qiziqishini ko‘rib turibmiz. Biz inson kapitali va ta'limga sarmoya kiritganimizdan faxrlanamiz. O‘zbekiston yoshlar savodxonligining yuqori darajasini ko‘rsatayotgani mamlakat ertangi kun muvaffaqiyatining kafolatidir, – dedi P.Charnetskiy.
Polsha ayollari ligasi boshqaruvi raisi Aldona Mixalyak O‘zbekistonda gender tengligini ta’minlash, ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish, mamlakatlar o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga qiziqish bildirdi.
–O‘zbekiston yoshlari mamlakat taraqqiyoti yo‘lidagi hayotiy jarayonlarda faol ishtirok etayotganini alohida ta’kidlamoqchiman. O‘rta va yuqori lavozimlarga asosan erkin, ijodiy fikrlaydigan yoshlar jalb etilgan.
Xotin-qizlar tashkilotlarimiz faol hamkorlik qilmoqda, madaniyat va ta’lim sohalarida gender loyihalari ustida hamkorlikda ishlayapmiz. Xalq diplomatiyasi mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun mustahkam ko‘prikdir”.
Polsha Savdo-sanoat palatasi Xalqaro hamkorlik departamenti direktori Yeji Drojd iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Polsha HAK 7-yig‘ilishida (2021-yil 14-aprel) erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish zarurligini ma’lum qildi. Xususan, ikki mamlakat Savdo-sanoat palatalari O‘zbekiston-Polsha ishbilarmonlar kengashini tashkil etish masalasi ustida ishlamoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday mexanizmlar Polsha uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan qator davlatlar bilan allaqachon ishga tushirilgan va ular katta samara bermoqda.
Y.Drojd Polsha tomonining 2023-yil may oyida boʻlib oʻtadigan iqtisodiy hamkorlik boʻyicha HAK 8-yigʻilishida imzolash uchun investitsiya shartnomalari va eksport shartnomalarining mustahkam to‘plamini tayyorlashdan manfaatdorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida Polsha ishbilarmon va ilmiy doiralarining bir qator faol vakillari, ekspert va jurnalistlar O‘zbekiston-Polsha hamkorligini rivojlantirishga qo‘shgan salmoqli hissasi uchun O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining diplomlari bilan taqdirlandi.