Surxondaryo viloyati delegatsiyasining Tataristonga safari samarali bo‘ldi
O‘zbekiston Respublikasining Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi ko‘magi va ishtiroki bilan joriy yil 28-29 noyabr kunlari Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov boshchiligidagi delegatsiyaning Tatariston Respublikasiga safari amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Safar dasturiga asosan, Surxondaryo viloyati delegatsiyasi Tatariston Respublikasi Prezidenti Rustam Minnixanov va boshqa mutasaddi rahbarlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tatariston Prezidenti Rustam Minnixanov bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida Surxondaryo viloyati delegatsiyasining barcha aʼzolariga Tatariston bilan hamkorlikka nisbatan qiziqishlari uchun o‘z minnatdorligini bildirdi. Shu bilan birga, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi turli yo‘nalishlarda muvofaqiyatli va ko‘p yillar davomida amalga oshirilib kelinayotgan hamkorlik, davlatlarimiz o‘rtasida diplomatiya aloqalari o‘rnatilganiga 30 yil to‘lgani alohida urg‘ulandi.
Rustam Minnixanov Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar kundan-kunga yaxshilanayotgani ikki davlat rahbarlari
Vladimir Putin va Shavkat Mirziyoyev tashabbuslariga asosan amalga oshirilayotgan ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni yana-da rivojlantirish uchun ulkan imkoniyatlar yaratilayotganini qayd etdi.
Tatariston Savdo-sanoat palatasida mahalliy tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, investitsiya va ijtimoiy sohalarda hamkorlik aloqalarini o‘rnatish bo‘yicha muzokaralar olib borildi.
Surxondaryo viloyati hokimi o‘z nutqida o‘zi rahbarlik qilayotgan viloyat rahbariyati mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish yo‘lida tataristonlik tadbirkorlar bilan bevosita aloqalarni yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish uchun tayyor ekanligini bildirdi.
Qozon federal universitetida tashqi aloqalar bo‘yicha prorektor Timirxan Alishev mazkur oliy o‘quv yurti faoliyati bilan tanishtirdi. Prorektor ishtirokida universitetda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan uchrashuv ham bo‘lib o‘tdi.
Surxondaryo viloyati delegatsiyasi Tatariston korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida “Qozonagrosanoatparki” AJ va “Yegoryevsk issiqxonalari”da ham bo‘ldi.
Delegatsiya vakillari o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda go‘sht va meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash uchun zamonaviy texnologiyalarni joriy etish maqsadida “Qozonagrosanoatparki” AJ rahbariyati bilan aloqa o‘rnatdilar.
Tashrif davomida “Yegoryevsk issiqxonalari”da ishlayotgan 200 nafardan ziyod o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari bilan ham uchrashuv o‘tkazildi.