Namangan viloyati hokimi Samarada mehnat migrantlari bilan uchrashdi
O‘zbekistonining Qozon shahridagi Bosh konsulligi ko‘magida Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazaqov boshchiligidagi delegatsiyaning Samara viloyatiga tashrifi tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif davomida Samara viloyatida vaqtincha yashayotgan va ishlayotgan vatandoshlar bilan uchrashuv tashkil etildi. Unda yurtdoshlarimizni qiynayotgan muammolar o‘rganildi, mingratlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha qabul qilingan meyoriy hujjatlar mazmun-mohiyati tushuntirildi.
Hokim Shavkat Abdurazaqov viloyat hokimligi bilan bog‘liq bo‘lgan barcha masalalarda vatandoshlarga yordam ko‘rsatilishini taʼkidladi. Xususan, vatanga qaytib tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lganlarga barcha imkoniyatlar yaratilishi qayd etildi.
Bosh konsul yig‘ilganlar eʼtiboriga O‘zbekiston hukumati tomonidan barcha yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan islohotlar, so‘nggi davrda erishilgan ijtimoiy-siyosiy taraqqiyot darajasi haqidagi maʼlumotlarni taqdim etdi.
Tadbir ishtirokchilariga O‘zbekiston Bosh konsulxonasi 2019 yil iyun oyidan boshlab Volga bo‘yi federal okrugining 14 ta hududida ish olib borayotgani haqida maʼlumot berildi. Diplomatiya missiyasiga barcha konsullik xizmatlar bo‘yicha murojaat qilish mumkinligini bildirildi.
Uchrashuv so‘nggida Namangan viloyati hokimligi nomidan vatandoshlar uchun dasturxon yozilib, milliy taomimiz palov tarqatildi.