O‘zbekiston diplomatlari Boshqirdiston oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan yurtdoshlarimiz holidan xabar oldi
O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi xodimlari Tatariston Respublikasining Naberejniye Chelni shahri hamda Boshqirdiston Respublikasida oliy ta’lim olayotgan hamda vaqtincha mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz bilan uchrashuvlar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ufa davlat neft-texnika universiteti, Ufa davlat aviatsiya texnika universiteti, Boshqird davlat universiteti, Boshqird davlat pedagogika universitetida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan ham suhbat o‘tkazildi.
Yig‘ilganlar e’tiboriga O‘zbekiston rahbariyati tomonidan hayotga tadbiq etilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, qo‘lga kiritilayotgan natijalar haqidagi ma’lumotlar taqdim etildi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohot jarayoni, Asosiy qonunga kiritish taklif etilayotgan o‘zgartishlar mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida so‘zlab berildi.
Tadbirda talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Bosh konsulxona vakillari Ufa shahrida joylashgan “Vira-PAD” MCHJ korxonasinig qurilish ob’ektida bo‘lib, bu yerda mehnat qilayotgan vatandoshlarimizning yashash va ish sharoitlarini o‘rgandi hamda ularga tegishli konsullik-huquqiy maslahatlar berdi.
Shuningdek, Ufa shahridagi Ko‘p tarmoqli migratsiya markazi va chet el fuqarolarini vaqtincha saqlash markazi ma’muriyatlari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazildi.