Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi bilan uchrashuv to'g'risida
2022-yil 28-oktabr kuni O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Bosh kotib Bag'dod Amreev boshchiligidagi Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) delegatsiyasini qabul qildi.
Uchrashuvda O'zbekiston va TDT o'rtasidagi ko'p qirrali hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda O'zbekiston va Tashkilot o'rtasidagi munosabatlar ijobiy sur’atlrda rivojlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Mamlakatimizda o’tkazilgan qator muhim tadbirlar, masalan, Axbobrot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasiga mas'ul vazirlarning 4-yig'ilishi (2022-yil 25-26-oktabr, Samarqand) va Tashkilot transport vazirlarining yig'ilishi (2022-yil 27-28-oktabr, Toshkent shahri) yakunlari bo'yicha fikr almashildi.
O'zbekistonda TDT bilan birgalikda o’tkazilishi rejalashtitilgan uchrashuvlar jadvali, jumladan, Iqtisodiyot vazirlari yig'ilishi (2022 - yil 9-noyabr, Samarqand) hamda Tashqi ishlar vazirlari Kengashining yig'ilishiga (2022-yil 10-noyabr, Samarqand) doir turli jihatlar ko'rib chiqildi.
Joriy yil 11 noyabr kuni Samarqand shahrida bo'lib o'tadigan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitini tayyorlash va o'tkazish bilan bog'liq masalalarga alohida e'tibor qaratildi.
Muzokaralarda xalqaro va mintaqaviy kun tartibining ba’zi mavzulari ham muhokama qilindi.