Pusan shahrida O‘zbekiston va Janubiy Koreya tashqi ishlar vazirlarining muzokaralari bo‘lib o‘tdi
Bugun Pusan shahrida (Janubiy Koreya) “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” 15-hamkorlik forumi doirasida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov va Janubiy Koreya tashqi ishlar vaziri Pak Chin o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
TIV maʼlumotiga ko‘ra, muloqotda ikki mamlakat hamkorligining bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari, mintaqaviy hamda xalqaro kun tartibiga oid masalalar muhokama qilindi.
Tomonlar 2019 yilda munosabatlar alohida strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganidan so‘ng savdo, investitsiya va madaniyat sohasidagi almashinuvlar yangi tarixiy bosqichga qadam qo‘yilganini o‘zaro taʼkidladilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil dekabr oyida Seulga amalga oshirgan davlat tashrifi muhim voqelik bo‘lib, uning pirovardida raqamlashtirish, “yashil” taraqqiyot, kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirish kabi hamkorlikning muhim yo‘nalishlari belgilab olindi.
Chinakam strategik sohalar hisoblanuvchi sog‘liqni saqlash va taʼlim kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni yana-da rivojlantirishning istiqbollari muhokama qilindi.
Vazirlar mintaqaviy xavfsizlikni saqlash va tinchlikni taʼminlash bo‘yicha o‘zaro yondashuv va pozitsiyalarning o‘xshashligini qayd etdilar.
O‘zbekiston Seulning Koreya yarim orolida mustahkam tinchlik o‘rnatish va Koreyalararo muloqotni tiklash bo‘yicha saʼy-harakatlarini izchil qo‘llab-quvvatlab keladi.
Koreya tomoni mamlakatimizning Afg‘onistondagi vaziyatni tartibga solish, Afg‘onistonni mintaqaviy iqtisodiy va transport-logistika loyihalariga jalb etish borasidagi siyosatini yuqori baholaydi.
Uchrashuvda anʼanaviy siyosiy maslahatlashuvlar, shuningdek, xalqaro tashkilotlar doirasida ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning faol surʼatini saqlab qolish bo‘yicha kelishuvga erishildi.