“Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” shaklidagi bo‘lajak tadbirlar to‘g‘risida
2022-yilning 17-18-noyabr kunlari Samarqand shahrida “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” shaklida vazirlar uchrashuvi va “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” o‘zaro bog‘liqlik: “Barqaror rivojlanish uchun global darvozalar” mavzusidagi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi.
Tadbirlarda Markaziy Osiyo mamlakatlari tashqi ishlar idoralari rahbarlari, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati boʻyicha Oliy vakili Jozep Borrel, Yevropa Ittifoqiga aʼzo davlatlarning yuqori martabali rasmiylari, xalqaro moliya institutlari, xususiy sektor, ekspert doiralari, fuqarolik jamiyati vakillari ishtirok etadilar.
Vazirlar uchrashuvi doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari oʻrtasida iqtisodiyot, savdo, investititsiya, atrof-muhit, suv resurslari, iqlim, zamonaviy xavf va tahdidlarga qarshi kurashish sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalarini muhokama qilish rejalashtirilgan.
Shuningdek, tadir doirasida “Yevropa Ittifoqi-Markaziy Osiyo” birinchi Yoshlar forumi ham bo'lib o'tadi.
O‘z navbatida, Xalqaro konferensiya Yevropa Ittifoqining “Global Gateway” tashabbusiga muvofiq barqaror o‘zaro bog‘liqlikni rag‘batlantirish, yashil rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash va COVID-19 pandemiyasi oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha kelishilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish maqsadida Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
Konferensiyada ishtirok etish uchun www.eucaconnectivity.uz saytida roʻyxatdan oʻtish lozim.
***
Mazkur tadbirlarda ishtirok etish istagini bildirgan milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga quyidagi hujjatlarni taqdim etishlari kerak:
1) muxbirni akkreditatsiya qilish to'g'risidagi OAV tahririyati murojaati;
2) OAV to'g'risidagi ma'lumot;
3) akkreditatsiyadan o'tadigan shaxslarning tarjimayi holi (rezyume / CV), pasport nusxasi va fotosurati (3x4 o’lchamda, kamida 240x320 piksel , ko’pi bilan 600x800 piksel, to'liq yuz ko’ringan holda, oq fonda);
4) COVID-19 ga qarshi emlanganlik sertifikati.
5) to'ldirilgan anketa
Ommaviy axborot vositalaridan arizalar 2022-yil 10-noyabr Toshkent vaqti bilan soat 18:00 gacha O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari orqali yoki bevosita O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga, jumladan eucaconnectivity-press@mfa.uz elektron pochtasi orqali qabul qilinadi. .
Belgilangan muddatdan keyin kelib tushgan arizalar, shuningdek zarur ma’lumotlar va to‘ldirilgan anketa ilova qilinmagan murojaatlar ko‘rib chiqish uchun qabul qilinmaydi.
Shu bilan birga, sammitni yoritishda ishtrok etish uchun xorijiy OAVning topshirgan arizalari O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan ularning akkreditatsiya qilinganligi to‘g‘risidagi tasdiqnomasiz O‘zbekistonga tashrif buyurish va jurnalistik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun asos bo‘la olmaydi.
Qo'shimcha savollar yuzasidan O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Matbuot xizmatiga press@mfa.uz elektron pochtasi orqali murojaat qilish mumkin.