Oʻzbekiston delegatsiyasi “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” 15-hamkorlik forumida ishtirok etdi
2022-yil 25-oktabr kuni Pusan shahrida (Koreya Respublikasi) Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” 15-hamkorlik forumida ishtirok etdi.
Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Koreya Respublikasi, Tojikiston va Turkmaniston tashqi ishlar vazirlari Markaziy Osiyo mintaqasining ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti va farovonligini taʼminlash boʻyicha Janubiy Koreyaning ilgʻor tajribasini tatbiq etish orqali hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarini muhokama qildilar.
Forum ishtirokchilari Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi hamda hamkorlikning ushbu shakli boshlanganining 15 yilligi nishonlanayotgan mazkur yilda bu galgi Forum alohida ahamiyatga egaligini taʼkidladilar.
Forum 2007-yilda Koreya Tashqi ishlar vazirligi tashabbusi ila Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish maqsadida tashkil etilgan.
Koreya Respublikasi texnologik va kadrlar almashinuvini kengaytirish, sanoat, transport va logistika, qishloq xoʻjaligi, elektron hukumat, axborot texnologiyalari, taʼlim, oʻrmonlarni qayta tiklash, standartlashtirish, inson resurslarini rivojlantirish va boshqa sohalarda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga erishish boʻyicha amaliy tajribani oʻrtoqlashish orqali mintaqa rivojiga hissa qoʻshmoqda.
Oʻzbekiston TIV rahbari oʻz nutqida pandemiyadan keyingi tiklanishning eng muhim tarkibiy qismlari boʻlgan anʼanaviy tibbiyot, raqamlashtirish, ekologiya, turizm va iqtisodiy xavfsizlik sohalarida koʻp tomonlama hamkorlikni birgalikda yoʻlga qoʻyish, shuningdek, inqirozni birgalikda yengib chiqish va mintaqa mamlakatlari iqtisodiyotining barqaror oʻsishini taʼminlash dolzarbligini taʼkidladi.
Forum ishtirokchilariga Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan umumiy xavfsizlik va farovonlik yoʻlidagi Samarqand birdamligi tashabbusining konseptual ahamiyati haqida maʼlumot berildi.
Iqlim oʻzgarishi, ayniqsa, buning Markaziy Osiyo mintaqasi barqaror rivojlanishiga salbiy taʼsiri tadbir ishtirokchilari eʼtiboridan chetda qolmadi. BMT Bosh Assambleyasi tomonidan maxsus rezolyutsiya sifatida qabul qilingan Orolboʻyini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududida Koreya Respublikasi bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishdan Oʻzbekiston manfaatdor ekanligi qayd etildi.
Tadbir ishtirokchilariga ekspert va tahliliy doiralar oʻrtasida muntazam muloqot mexanizmini yoʻlga qoʻyish, shuningdek, Toshkent shahrida ilk anʼanaviy tibbiyot forumini oʻtkazish taklif etildi.
Forum doirasida Markaziy Osiyo va Koreya Respublikasining tarmoq vazirlik va idoralari ishtirokida gibrid formatda alohida sessiyalar, shuningdek, Markaziy Osiyo-Koreya ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yigʻilishi hamda turizm koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi.
Forum yakunlari boʻyicha Qoʻshma bayonot qabul qilindi.