Terrorizm va ekstremizmga qarshi muvaffaqiyatli kurashishning eng muhim sharti samarali yoshlar siyosatidir
O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Dushanbe shahrida bo’lib o’tayotgan "Terrorizmga qarshi kurashish va terrorchilar harakatlanishining oldini olish uchun chegara xavfsizligi va chegara nazorati sohasidagi xalqaro hamda mintaqaviy hamkorlik" mavzusida yuqori darajadagi xalqaro konferentsiyada so’zga chiqdi.
Forum ishtirokchilariga O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning global va mintaqaviy xavfsizlik tahdidlariga qarshi kurashda jahon hamjamiyatining sa'y-harakatlarini birlashtirish bo'yicha tashabbuslari haqidagi ma’lumotlarni taqdim qildi.
Xususan, konferensiya qatnashchilariga davlatimiz rahbarining Markaziy Osiyoda kiberterrorizm bo‘yicha Yagona elektron tizimni yaratish to’g’risidagi taklifiga e’tibor qaratilib, uning maqsadi kiberterrorizm sohasida tajriba va ma’lumotlar, tadqiqotlar hamda eng yaxshi tajribalar almashinuvini rivojlantirishdan iboratligi ma’lum qilindi.
Mintaqada aksilterror strategiyani amalga oshirishni muvaffaqiyatli davom ettirish Qo‘shma harakatlar rejasi ijrosining borishini doimiy monitoring qilish va tanqidiy baholash, Markaziy Osiyo mamlakatlarining hamjihatlikdagi harakatlarini muvofiqlashtirish mexanizmlarini kuchaytirishni taqozo etadi. Shu munosabat bilan, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mintaqamizda BMT Aksilterror boshqarmasining ofisini ochish hamda uning tegishli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan yaqin munosabatlarini ta’minlash tashabbusini amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi.
Bugun Internet radikal g‘oyalarni tarqatish, odamlarni yollash, terrorchilik harakatlarini moliyaviy ta’minlash, rejalashtirish va sodir etish vositasiga aylanmoqda. Bunday sharoitda Davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan Markaziy Osiyo mamlakatlarining raqamli texnologiyalardan terrorizm maqsadlarida foydalanishga qarshi samarali kurashish sohasidagi salohiyatini rivojlantirish takliflari g‘oyatda muhim ahamiyatga ega.
Respublikamiz tomonidan fuqarolarni mojarolar kechayotgan hududlardan qaytarish, ularni reabilitatsiya qilish va jamiyatga qayta integratsiya qilish bo'yicha olib borilayotgan ishlar to'g'risida ma'lumotlar taqdim etildi. O'zbekiston BMTga a'zo boshqa davlatlar bilan bu borada tajriba almashishga tayyorligi ma’lum qilindi. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Aksilterror boshqarmasi shafeligida Markaziy Osiyo mamlakatlarining yetakchi mutaxassislari orasidan Mintaqaviy ekspert kengash ta’sis etish go’yasiga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur kengashning asosiy vazifalari fuqarolarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish dasturlarini takomillashtirish hamda terrorizm targ‘ibotiga qarshi kurashish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishdan iborat bo’ladi.
Terrorizm va ekstremizmga qarshi muvaffaqiyatli kurashning eng muhim sharti bu samarali yoshlarga oid siyosatdir. Turli yoshdagi insonlar o‘rtasida bir-birini yaxshiroq tushunishga da’vat etish, farzandlarimizning eng dolzarb muammolariga birgalikda yechim izlash maqsadida O’zbekiston Prezidenti tomonidan Avlodlar muloqotini yo’lga qo’yish taklif qilingan. Bu formatdagi ilk uchrashuvni mamlakatimiz Yosh yetakchilar forumi doirasida 2023-yil aprel oyida Samarqandda o‘tkazishga tayyorligi bildirildi.
Davlatimiz rahbarining kelgusi yili yuqori darajadagi “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” konferensiyasini o‘tkazish taklifi haqida so’z yuritildi. Uning asosiy maqsadi O’zbekiston tashabbusi bilan 2018-yili qabul qilingan shu nomdagi BMT Maxsus rezolyutsiyasida mustahkamlab qo‘yilgan g‘oyalarni ilgari surish yo‘lida amaliy hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab olishdir. Shu bilan birga, mazkur anjuman BMTning Global aksilterror strategiyasida mustahkamlangan bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat, jamiyatning barcha qatlamlari ishtirokida dinlararo va madaniyatlararo muloqot g‘oyalari va tamoyillarini ilgari surishga xizmat qiladi.