Transport sohasini rivojlantirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 28-sentabr kuni transport sohasida islohotlarni jadallashtirish masalasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Transport qulayliklari mamlakat rivojini ko‘rsatuvchi va buni ta’minlovchi omillardan biri. Yurtimizda soha infratuzilmasi yangilanib, sharoitlar kengaytirilayotgani o‘z natijalarini bermoqda.
Jumladan, aviatsiya bozori erkinlashgani hisobiga oxirgi uch yilda O‘zbekistonga parvozlarni amalga oshirayotgan aviakompaniyalar soni 2 baravarga o‘sgan. Avtomobilda xalqaro yuk tashishda mahalliy korxonalarning ulushi 62 foizga yetgan. 300 kilometr temir yo‘l elektrlashtirilgan, 1 ming 500 kilometr avtomobil yo‘li qurilgan.
Lekin hali foydalanilmayotgan imkoniyatlar, qilinadigan ishlar juda ko‘p. Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga ko‘ra, Strategik islohotlar agentligi tomonidan sohadagi ishlar natijadorligi tahlil qilinganda, bir qator muammolar aniqlangan.
Masalan, oxirgi uch yilda mamlakatimiz iqtisodiyoti 16 foiz o‘sgani holda, temir yo‘lda yuk aylanmasi atigi 7 foiz oshgan. Aviatsiyada raqobat muhiti to‘la shakllanmagan, 10 ta aeroportning samaradorligi past darajada. Oqibatda, raqobatdosh narxlarda yetkazib berish qulayligi bo‘yicha Xalqaro logistika samaradorligi indeksida mamlakatimiz 160 ta davlat ichida 120-o‘rinni egallagan.
Tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda ham bu soha bo‘yicha ko‘plab murojaatlar bo‘lgan.
Yig‘ilishda transport tizimidagi muammolarni hal etish va aniq natijalarga erishish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
– Bu soha – iqtisodiyotning qon tomiri. Transport va logistikani yangi bosqichga olib chiqmasak, iqtisodiyotning barqaror rivojini ta’minlay olmaymiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yig‘ilishda uchta yo‘nalish – temir yo‘l tranziti imkoniyatini keskin oshirish, aviatsiyani qulay, tez va sifatli xizmat ko‘rsatadigan sohaga aylantirish, xalqaro tranzit yuklari uchun zamonaviy avtomobil yullari tarmog‘ini kengaytirish bo‘yicha choralar belgilandi.
Strategik islohotlar agentligi tarkibida transport sohasi bo‘yicha alohida guruh tuzib, asoslangan takliflar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Davlatimiz rahbari eng asosiysi xalqqa yengilliklar yaratish ekanini alohida ta’kidladi.
Temir yo‘l sanoat va tadbirkorlikni rivojlantirishda katta o‘rin tutishi qayd etilib, bu tizimning quvvatini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Xususan, zamonaviy elektr poyezdlar olib kelish, vagonlarni ta’mirlash, nosohaviy aktivlarni chiqarish orqali tizimni moliyaviy sog‘lomlashtirish zarur.
Aviatsiya sohasida ham qulayliklarni ko‘paytirish, Buxoro, Xorazm va vodiy viloyatlari aeroportlarini rivojlantirish, kadrlar malakasini oshirib, xizmatlar sifatini yaxshilash kerak.
Prezidentimiz avtomobil yo‘llarining sifati va salohiyatiga alohida to‘xtaldi. Ma’lumki, bu sohada loyihalashtirish, qurish hamda nazorat funksiyalari bitta tashkilotda jamlangan. Buning oqibatida ko‘p yo‘llarda sifat yo‘q. Shu bois yo‘l qurilishida ilg‘or standartlarni joriy etish, laborator ishlarni kuchaytirish, pudratchilar mas’uliyatini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Transport infratuzilmasini kengaytirish va sohani raqamlashtirishga qaratilgan ko‘plab vazifalari belgilandi.