Oʻzaro manfaatli, ochiq va pragmatik. Oʻzbekiston delegatsiyasining AQShga tashrifi samarali boʻlgani xususida
2022-yilning 19-25-sentyabr kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 77-sessiyasining umumiy munozaralarida ishtirok etish uchun Nyu-York shahrida boʻldi.
Tashrifning birinchi kunida BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. BMT rahbari Oʻzbekiston va global tashkilot oʻrtasidagi jadal kengayib borayotgan hamkorlikni olqishladi. “Oʻzbekiston tinchlik, xavfsizlik, inson huquqlari masalalaridan tortib, iqlim va barqaror rivojlanishgacha boʻlgan barcha sohalardagi ishonchli hamkorimizdir. Mamlakatingiz BMTning koʻp tomonlama kun tartibini ilgari surishda yetakchi oʻrinni egallaydi”, dedi A. Guterrish.
Nyu-York shahrida BMT tizimiga kiruvchi turli muassasalar rahbarlari bilan ham muzokaralar olib borildi.
Xususan, Bosh kotib oʻrinbosari, BMTning aksilterror boshqarmasi boshligʻi Vladimir Voronkov bilan uchrashuvda yurtimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, respublikaning xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish borasidagi faol saʼy-harakatlari yuqori baholandi. Oʻzbekiston Respublikasining Shanxay hamkorlik tashkilotidagi muvaffaqiyatli raisligi va yaqinda Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan Tashkilot Sammitining salmoqli natijalar bilan yakunlangani eʼtirof etildi.
BMT Bosh kotibi oʻrinbosari, Choʻllanishga qarshi kurash Konvensiyasi Ijrochi kotibi Ibrohim Tiau mamlakatimiz delegatsiyasi bilan muloqot chogʻida taʼkidlaganidek, soʻnggi yillarda BMTning Choʻllanishga qarshi kurash Konvensiyasi doirasida Oʻzbekiston bilan hamkorlik sezilarli darajada oshdi. Konvensiyani amalga oshirish jarayonini koʻrib chiqish qoʻmitasining 21-yigʻilishi kelasi yil Oʻzbekiston Respublikasida oʻtkazilishi oʻzaro aloqalar oʻsib borayotganining yorqin dalilidir.
BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) Bosh direktori Suy Dunyu Samarqand shahridagi SHHT sammiti chogʻida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2023-yili Oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha xalqaro konferensiyani oʻtkazish tashabbusini qoʻllab-quvvatladi. Tashkilot oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish, qishloq xoʻjaligini diversifikatsiya qilish, suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirishda Oʻzbekistonga har tomonlama yordam koʻrsatishga tayyorligi bildirildi.
BMTning taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha tashkiloti (YUNESKO) Bosh direktori Odri Azule mazkur tuzilma Oʻzbekistondagi islohotlar va oʻzgarishlar siyosatini qoʻllab-quvvatlashi hamda respublikaning xalqaro tashabbuslarni amalga oshirishda har tomonlama yordam berishga tayyorligini bildirdi. U Oʻzbekiston tomonini YUNESKOning nufuzli boshqaruv organlaridan biri boʻlgan Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish boʻyicha hukumatlararo qoʻmitaga aʼzo boʻlgani bilan tabrikladi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2021-yili Jahon madaniy meros masalalari boʻyicha Xalqaro maslahat qoʻmitasinining tashkil etilgani muhim ahamiyatga ega boʻlgani qayd etildi.
BMT Bosh kotibining Tamaddunlar ittifoqi boʻyicha Yuqori vakili Migel Anxel Moratinos Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni olqishladi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning bagʻrikenglik va insonparvarlikni rivojlantirish, millatlararo va dinlararo tushunishni mustahkamlash borasidagi siyosatini toʻliq qoʻllab-quvvatlanishi maʼlum qilindi. M.Moratinos Oʻzbekistonni Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitini muvaffaqiyatli oʻtkazgani bilan tabrikladi. “Samarqand yana diplomatiya, tinchlik va hamjihatlik poytaxtiga aylandi”, dedi yuqori martabali vakil. Bu borada Oʻzbekistonning Sharq va Gʻarb oʻrtasidagi doʻstlikni mustahkamlashdagi tarixiy oʻrni eʼtirof etildi.
Mamlakatimiz delegatsiyasi BMT Bosh Assambleyasining 77-sessiyasi doirasida tashkil etilgan qator koʻp tomonlama tadbirlarda, jumladan, Togʻlarni barqaror rivojlantirish boʻyicha yuqori darajadagi yigʻilish, “Global rivojlanish boʻyicha tashabbus”ning Doʻstlari guruhi Vazirlar majlisi, ”Erib borayotgan kriosfera: yer osti suvlarini saqlash va suv resurslarini boshqarish boʻyicha tahdidlari" mavzusidagi yuqori darajadagi yigʻilish, shuningdek, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengashning norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi.
Oʻzbekistonning Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT) bilan hamkorligini yanada kengaytirish masalalari ushbu tuzilma Bosh kotibi Helga Mariya Shmid bilan muloqotda muhokama qilindi.
X.Shmid Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni, ayniqsa, gender tengligini taʼminlash masalalariga qaratilayotgan eʼtiborni olqishladi. Rasmiy Toshkentning xorijiy sheriklar bilan hamkorlik va mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlikni rivojlantirish, shuningdek, qoʻshni Afgʻonistonga koʻmaklashish borasidagi saʼy-harakatlariga yuqori baho berildi.
Bosh Assambleya sessiyasi, oʻz navbatida, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Amerika Qoʻshma Shtatlari oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarning hozirgi holati hamda istiqbollarini “S5+1” shaklida muhokama qilish uchun ham maydon taqdim etdi.
Tadbir davomida Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston, Oʻzbekiston va Qoʻshma Shtatlari tashqi siyosat idoralari rahbarlari hamda vakillari Markaziy Osiyoning barqaror iqtisodiy taraqqiyotini taʼminlash maqsadida “S5+1” shaklida savdo va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish yoʻllari toʻgʻrisida fikr almashdilar.
Oʻzbekiston delegatsiyasi Markaziy Osiyo mamlakatlarida qishloq xoʻjaligi va toʻqimachilik sanoati sohasida xalqaro standartlarni joriy etish, muqobil transport yoʻnalishlarini rivojlantirish, “Yashil kun tartibi” ni ilgari surish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash borasidagi takliflarni bildirdi.
Tashrif doirasida Nyu-York shahrida Avstriya, Bruney, Vengriya, Daniya, BAA, Serbiya, Singapur, Finlyandiya, Shri-Lanka delegatsiyalari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar boʻlib oʻtdi. Serbiya Tashqi ishlar vaziri Nikola Selakovich bilan muzokaralar natijasida ikki mamlakat tashqi siyosat mahkamalari oʻrtasida Hamkorlik va maslahatlashuvlar toʻgʻrisida protokol imzolandi.
Siyosat va xavfsizlik sohasidagi Oʻzbekiston-Amerika muloqotining turli jihatlari AQSH Davlat kotibining siyosiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari Viktoriya Nuland, Davlat departamentining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili Tomas Vest va AQSHning afgʻon ayollari, qizlari va inson huquqlari boʻyicha maxsus vakili Rina Ameri bilan uchrashuvlarda koʻrib chiqildi.
Oʻzbekistonning xorijiy kapitalni jalb qilish va qoʻshma ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish imkoniyatlari, mamlakatda yaratilgan qulay ishbilarmonlik muhiti Amerikaning “Franklin Templeton: investitsiya kompaniyasi vakillari bilan suhbat mavzusiga aylandi. Amerikalik investorlar Oʻzbekiston tomonining ochiqlik va biznes subyektlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash siyosatiga sodiqligini yuqori baholadilar. “Franklin Templeton” tomonidan Oʻzbekistondagi yirik davlat korxonalari va banklarini xorijiy investorlarni jalb qilgan holda xususiylashtirishga koʻmaklashish istiqbollari koʻrib chiqildi.
Qoʻshma Shtatlarning yetakchi banklari, fondlari, IT-kompaniyalari, nufuzli oliy oʻquv yurtlari va tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimiz bilan muloqot tashrifning muhim qismi boʻldi. Chet elda faoliyat yuritayotgan vatandoshlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Oʻzbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan siyosat, ular uchun mamlakatda investitsiya, taʼlim, ijtimoiy-gumanitar va boshqa loyihalarni amalga oshirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar va imtiyozlar yuqori baholandi.
24-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov BMT Bosh Assambleyasi 77-sessiyasining umumiy munozaralarida soʻzga chiqdi.
Sessiya ishtirokchilari Yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot strategiyasini doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, demokratik jarayonlarni chuqurlashtirish, qonun ustuvorligini taʼminlash, aholi turmush darajasi va sifatini oshirish, samarali yoshlar siyosatini amalga oshirish, shuningdek, “yashil” kun tartibining dolzarb masalalarini ilgari surish va iqlim oʻzgarishi jarayonlarini jilovlash boʻyicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishdilar.
Respublikaning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishdagi yutuqlari toʻgʻrisida ham maʼlumotlar taqdim etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning xalqaro tashabbuslariga alohida eʼtibor qaratildi. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining shu yil 16-sentyabr kuni Samarqandda boʻlib oʻtgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ilgari surgan Umumiy xavfsizlik va farovonlik yoʻlida Samarqand birdamlik tashabbusi alohida qayd etildi.
Markaziy Osiyoda yaratilgan tubdan yangi siyosiy muhit tilga olinib, u mintaqa mamlakatlarining birgalikdagi saʼy-harakatlari tufayli yuzaga kelgani taʼkidlandi. Oʻzbekiston dunyo hamjamiyati tomonidan Markaziy Osiyo mamlakatlarining oʻzaro yaqinlashuv va hamkorlik jarayonlarini, mintaqaning global iqtisodiy va transport aloqalariga integratsiyalashuvini bundan keyin ham qoʻllab-quvvatlanishiga umid bildirish maʼlum qilindi.
Markaziy Osiyoning rivojlanish istiqbollari Afgʻonistonda tinchlikni taʼminlash bilan uzviy bogʻliqligini inobatga olgan holda, ushbu mamlakatni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, shu jumladan, uning iqtisodiyotini tiklash, mintaqalararo iqtisodiy jarayonlarda ishtirok etishga koʻmaklashish, infratuzilma va ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirish uchun zarurligi taʼkidlandi.
Umuman olganda, mamlakatimiz delegatsiyasining AQSHga tashrifi Yangi Oʻzbekistonning ochiq, pragmatik va oʻzaro manfaatli tashqi siyosatini yanada yangi bosqichga olib chiqishga keng imkoniyatlar yaratishi shubhasiz.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Matbuot xizmati