O'zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norovning "O'zbekiston – Ozarbayjon – Turkiya" muloqoti birinchi yig'ilishi yakunlari bo'yicha brifingdagi nutqi
Toshkent shahri , 2022-yil 2-avgust
Hurmatli ommaviy axborot vositalari vakillari!
"O'zbekiston – Ozarbayjon - Turkiya" uch tomonlama muloqotining birinchi uchrashuvini muvaffaqiyatli yakunlandi.
Ozarbayjonlik hamkasblarimizga ushbu hamkorlik formatini ta’sis etish tashabbusi va turkiyalik sheriklarimizga uni qo'llab - quvvatlagani uchun minnatdorlik bildiramiz.
Madaniy-tarixiy yaqinlik, umumiy milliy urf-odatlar, an’analar, til, madaniyat va dinga asoslangan ko'p asrlik aloqalar qadim zamonlardan beri mamlakatlarimizni bog'lab kelgan.
Davlatlarimiz rahbarlarining siyosiy irodasi va belgilab bergan siyosati samarasi o’laroq O'zbekistonning Ozarbayjon va Turkiya bilan munosabatlari bugungi kunda hamkorlik tarixdagi eng yuqori darajadaga ko’tarildi.
Turkiya Prezidenti Rejjep Tayyip Erdog'anning joriy yil 2022-yil mart oyidagi mamlakatimizga rasmiy tashrifi va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning iyun oyida O'zbekistonga davlat tashrifi strategik hamkorligimizning yangi bosqichini boshlab, barcha yo'nalishlarda ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlashga kuchli turtki berdi, o'zaro ishonch, hurmat va qo'llab-quvvatlash tamoyillariga asoslangan munosabatlarni yanada mustahkamladi.
Bugungi uchrashuv yuqori darajadagi muzokaralarning mantiqiy davomi hamda va uchta strategik va ma'naviy jihatdan yaqin sherik davlatlar uchun mutlaqo yangi hamkorlik shaklidir. Tadbir mintaqaviy va xalqaro siyosatning dolzarb masalalarini har tomonlama muhokama qilish uchun noyob imkoniyat yaratadi.
Bugun biz transport aloqalari va axborot-kommunikatsiya infratuzilmalarini rivojlantirish orqali o'zaro bog'liqlikni yanada mustahkamlash muhimligini ta'kidlab, har bir mamlakatning suvereniteti, hududiy yaxlitligi va xalqaro miqyosda tan olingan chegaralarning daxlsizligini qat'iy va so'zsiz qo'llab-quvvatlashini tasdiqladik.
O'zbekiston, Ozarbayjon va Turkiya a'zo bo'lgan xalqaro tashkilotlar doirasidagi sa'y-harakatlarni muvofiqlashtirishni davom ettirishga tayyorligimizni bildirdik.
Hamkasblarimiz bilan joriy yil noyabr oyida O'zbekistonda bo'lib o'tadigan Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammitiga tayyorgarlik jarayonini muhokama qildik.
Turkiy davlatlar o'rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish uchun mustahkam poydevor yaratishga qaratilgan ushbu tadbirning yuqori samaradorligini ta'minlash bo'yicha kelishib olindi.
Xalqaro hamjamiyatning Afg'onistonni tinch yo'l bilan tiklash borasidagi sa'y-harakatlarini BMTning markaziy muvofiqlashtiruvchi o’rniga amal qilgan holda butun afg'on xalqi manfaati yo'lida davom ettirish muhimligini e’tirof etdik.
Ushbu fikrni yaqinda Toshkentda bo'lib o'tgan "Afg'oniston: xavfsizlik va iqtisodiy rivojlanish" xalqaro konferentsiyasining barcha ishtirokchilari ham bildirdilar.
Iqtisodiyot, savdo-sotiq, investitsiya, transport, shu jumladan, transport va tranzit kommunikatsiyalarining barcha turlaridagi hamkorlik salohiyatini to'liq amalga oshirish uchun birgalikda harakat qilishga tayyormiz.
Delegatsiyalar sanoat kooperatsiyasi, raqamli iqtisodiyot va savdo-sotiq sohasidagi amaliy hamkorlikni chuqurlashtirishga kelishib oldilar.
Shu maqsadda Boku–Tbilisi–Axalkalaki–Kars temir yo'lining barcha imkoniyatlaridan, shu jumladan Turkiya va Ozarbayjonning xalqaro portlaridan, shuningdek, "Shimol-Janub" va "Sharq-G'arb" xalqaro transport yo'laklaridan keng foydalanish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, tomonlar O'zbekistonning "Termiz–Mozori-Sharif-Kobul-Peshovar" strategik temir yo'l liniyasini qurish tashabbusining muhimligini ta'kidlab, "O'zbekiston-Qirg'iziston-Xitoy"temir yo'l qurilishi loyihasini qo'llab-quvvatlashini bildirmoqdalar.
Umuman olganda, Toshkentda O'zbekiston, Ozarbayjon va Turkiya tashqi ishlar, iqtisodiyot va transport vazirlari o'rtasida o’tkazilgan birinchi uchrashuv birgalikdagi faoliyatni davom ettirish va mamlakatlarimizning barqaror rivojlanishini ta'minlash bo'yicha amaliy natijalarga erishishga qaratilgan intilishlarimizni tasdiqladi.
Tadbir yakunida muhim hujjat - Toshkent deklaratsiyasini imzoladik, unda yaqin kelajakda asosiy ustuvorliklar belgilab berildi.
Ishonchim komilki, ushbu muloqot shaklidagi keyingi uchrashuvlarimiz samarali bo'ladi, do'stona mamlakatlarimiz va qardosh xalqlarimizning yanada yaqinlashuviga hissa qo'shadi.
E'tiboringiz uchun tashakkur!