IHT Bosh kotibi bilan uchrashuv to‘g‘risida
2022-yil 5-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar qishloq xo‘jaligi vazirlarining Toshkent shahridagi VII yig‘ilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif bilan kelgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) Bosh kotibi Xusrav Noziri bilan uchrashuv o‘tkazdi.
H.Noziri Tashkilotni izchil rivojlantirish, IHT doirasidagi konstruktiv hamkorlikni jadallashtirish, uning dasturiy maqsad va vazifalarini samarali amalga oshirishda O‘zbekistonning o‘rni ortib borayotganini ta’kidladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2022-yilni IHTda “O‘zaro uzviy bog‘liqlikni mustahkamlash yili” deb e’lon qilish to‘g‘risidagi taklifi IHTga a’zo barcha mamlakatlar tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlangani respublikaning tuzilmadagi muhim ahamiyati birday e’tirof etilayotganidan dalolatdir.
Bosh kotib birlashmaga raislik doirasida O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan tizimli ishlarga yuqori baho berdi. H.Nozirining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan tashkilotning 2021-yil noyabr oyida bo‘lib o‘tgan Ashxobod sammitida ilgari surilgan barcha tashabbuslarni amalga oshirishda faol ishtirok etishga tayyorligini bildirildi.
Bo‘lajak tadbirlar, jumladan, IHTga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashining Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishiga tayyorgarlikning tashkiliy-konseptual jihatlari muhokama qilindi.
Uchrashuvda IHT doirasida savdo, investitsiya, oziq-ovqat xavfsizligi, qishloq xoʻjaligi, transport yoʻlaklari va boshqa sohalarda hamkorlikni oshirish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.
Xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi. Afg‘onistondagi vaziyat, ushbu davlatning IHT faoliyatidagi ishtirokini jadallashtirish va mintaqalararo iqtisodiy jarayonlarga integratsiyalashuviga alohida e’tibor qaratildi. Shu ma’noda, H.Noziri 2022-yil 25-26-iyul kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiyada ishtirok etishini tasdiqladi.
Bosh kotib IHT Kotibiyati O‘zbekiston hukumati tomonidan Qoraqalpog‘istonda tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, mamlakatda amalga oshirilayotgan chuqur islohotlar yo‘nalishini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.