O‘zbekistonning Qozondagi Bosh konsuli Fariddin Nasriyev «Realnoye vremya» nashriga mamlakatimizdagi konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida so‘zlab berdi
Intervyuda diplomat so‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida barcha sohalarda ilg‘or xalqaro tajribalarni hisobga olgan holda, huquqiy meʼyorlar asosida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganini taʼkidladi.
Mamlakatimizda o‘tkazilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar haqida to‘xtalar ekan, Bosh konsul ushbu tashabbus keng ko‘lamli islohotlarni qo‘llab-quvvatlayotgan va faol ishtirok etayotgan O‘zbekiston xalqiga tegishli ekanini aytib o‘tdi. «Islohotning maqsadi huquqiy bazani mustahkamlash va davlatni rivojlantirish, mamlakat va xalqning farovon hayoti uchun uzoq muddatli strategiyalarni amalga oshirish uchun ishonchli kafolatlar berishdan iborat. Konstitutsiya «inson shaʼni va qadr — qimmati yo‘lida» g‘oyasi bilan to‘ldirilgan bo‘lib, amaldagi islohotlar “inson-jamiyat-davlat” tamoyiliga asoslangan», deb taʼkidlaydi Fariddin Nasriyev.
Bosh konsul O‘zbekiston Assosiy qonuniga kiritilayotgan o‘zgartishlarning ustuvor yo‘nalishi Konstitutsiyani jamiyatning zamonaviy voqeliklari bilan uyg‘unlashtirishdan iborat ekanini bildiradi.
Intervyuda qayd etilganidek, O‘zbekistonning amaldagi Konstitutsiyasi 1992 yil 8 dekabr kuni respublika Oliy Kengashi sessiyasida qabul qilingan. Shundan buyon mamlakatning Asosiy qonuniga 15 marta o‘zgartirish kiritilgan.
«Taklif etilayotgan o‘zgartishlar va qo‘shimchalar O‘zbekiston Konstitutsiyasining oltmishdan ortiq moddasini qamrab oladi. Ular mamlakatda qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhiti, adolatli raqobatni himoya qilish, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, iqtisodiy faoliyatni monopollashtirishning oldini olishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir», dedi Fariddin Nasriyev.