O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyevaning maqolasi
Xalq va hokimiyat o‘rtasidagi mustahkam ko‘prik
Mahalla raislari saylovi huquqiy demokratik davlat barpo etishda muhim ahamiyatga ega.
So‘nggi yillarda yurtimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida mamlakatimiz yangilanmoqda, xalqimizning turmush darajasi sezilarli tarzda yaxshilanmoqda. Buni xalqaro miqyosda sharqona demokratiya maktabining betakror namunasi sifatida tan olingan mahalla tizimida amalga oshirilayotgan yangilanishlar va yutuqlar misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Prezidentimiz tashabbusi bilan maxallani qo‘llab-quvvatlash, har tomonlama rivojlantirish hamda uni, chin ma'noda, aholiga eng yaqin tuzilmaga aylantirish bo‘yicha salmoqli ishlar qilinayotgani, muhimi, ularning amaldagi samarasi hozirdanoq, ko‘zga tashlanayotgani barchamizga ma'lum.
Bugun mahallaning jamiyat hayotidagi o‘rni yanada ortib, ushbu tuzilma tom ma'noda xalq va hokimiyat o‘rtasidagi mustahkam ko‘prikka aylanayotir. Odamlar o‘z quvonchu tashvishlarini u bilan baxam ko‘rib, muammo va kamchiliklariga yechim topmoqda. Shu bilan birga, mahalla raislarining el orasida obro‘si, mavqei oshyapti. Ochig‘ini aytish kerak, bir paytlari maxalla raislarining o‘z hududi muammosi naryoqda tursin, ayrim hollarda odamlarning oddiy maishiy muammolariga yechim topishga xam “qo‘li kaltalik” qilardi. Bugunga kelib, chin ma'noda, davlat boshqaruvi tizimida asosiy bugin sifatida ularning vakolatlari, aholi muammolarini bevosita hal qilish borasidagi imkoniyatlari kengaydi.
Mahallalarda ijtimoiy-ma'naviy muhit barqarorligini ta'minlashga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bu borada davlat boshqaruvi organlari, hududiy kengashlar hamda jamoatchilikning hamkorligi yo‘lga qo‘yilgan. Ma'naviy targ‘ibot ishlari har bir mahallada, mahallabay usulida tashkil etilayotir.
Profilaktika nozirlari mahallada tunu kun osoyishtalikni saqlash, jinoyatchilikning oddini olish bo‘yicha samarali faoliyat olib boryapti.
Yaqin kelajakda mahallaning nufuzini oshirish, uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar belgilangan. Jumladan, mahalla raisi va uning o‘rinbosarlari vakolatlarini kengaytirish, ularga aholi muammolarini bevosita, tezkor hal qilish borasisa yanada ko‘proq imkoniyatlar yaratish maqsadida mahalla raisiga mahalliy Kengash majlisida qurilishi majburiy bo‘lgan masalalarni kiritish huquqini berish oldimizda dolzarb vazifa sifatida turibdi.
Yuqoridagi fikr-muloxazalardan kelib chiqib, hozirgi kunda mamlakatimizda qizg‘in davom etayotgan fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etishga har qachongidan ko‘ra jiddiy tayyorgarlik ko‘rildi. Oliy Majlis Senati Kengashining “Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Barcha hududlarda saylov jarayonlarini tashkil etishga ko‘maklashuvchi komissiyalar tuzildi va ular faoliyat yo‘nalishlari aniq belgilab qo‘yildi.
“Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra, mazkur komissiyalar fuqarolar yig‘ini raisi saylovi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ijrosini ta'minlashga mas'ul sifatida ishchi guruxdar faoliyatini muvofiqlashtirib bormoqda.
Shu o‘rinda, mamlakatimizdagi mavjud 9 ming 349 ta mahallada saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruhlari tuzilgani va ular tarkibiga idora va tashkilotlardan 86 ming 428 nafar rahbar, deputat va jamoatchilik vakillari kiritilganini ham ta'kidlash o‘rinlidir.
Mazkur ishchi guruhlar tomonidan bajariladigan ishlar ko‘lami va ahamiyatidan kelib chiqib, bu tuzilmalar saylov jarayonida nechog‘li muhim o‘rin tutishini tasavvur etish qiyin emas. Jumladan, ular fuqarolar yig‘ini (fuqarolar vakillari yig‘ilishi) o‘tkaziladigan sana, vaqt va joyni belgilash, xovlilar, uylar, ko‘chalar aholisining fuqarolar vakillari saylovi bo‘yicha umumiy yig‘ilishlarini tashkil etish, tegishli hududda doimiy yashovchi fuqarolarning fikrini inobatga olgan holda komissiyaga taqdim etish uchun fuqarolar yig‘ini raisi lavozimiga nomzodlar bo‘yicha takliflarni tayyorlash kabi muhim tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda.
Albatta, bu sa'y-harakatlarning barchasi pirovardida mahalla raisi saylovini yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazishga, eng muximi, munosib nomzodlarning saylanishiga zamin yaratadi.
Tabiiyki, saylovlarning demokratik tamoyillar asosida tashkil etilishi va o‘tkazilishi barobarida, raislik lavozimiga kimlar saylanishi juda muhim. Qonunga ko‘ra, nomzod O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, qoida tariqasida, oliy ma'lumotli hamda bevosita saylovga qadar kamida besh yil tegishli hududda doimiy yashayotgan, tashkilotchilik qobiliyatiga, namunali mehnat faoliyati, hayotiy tajriba va aholi o‘rtasida obro‘ga ega bo‘lishi xam talab etiladi.
Aytish joizki, tayyorgarlik jarayonida Qonunning ana shu talabidan kelib chiqib, eng munosib yurtdoshlarimizni nomzod sifatida ko‘rsatishga alohida e'tibor qaratildi.
Mamlakatimiz hayotida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan mazkur jarayonga aholini tayyorlash, ularning bu boradagi bilim va tushunchalarini boyitish xam muhim sanaladi. Shu ma'noda, ushbu jarayonni tashkil etishga doir qonunchilik xujjatlari to‘plami, uslubiy tavsiya va qo‘llanmalar 66 ming nusxada chop etilib, tarqatildi. “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida”gi Qonunning mazmun-mohiyatini tushuntirish maqsadida joylarda 9 ming 214 ta tadbir o‘tkazilib, ularda 2,5 millionga yaqin aholi qamrab olindi.
Shuningdek, saylovlarni har tomonlama qulay va shinam joylarda o‘tkazish choralari ko‘rildi. Umumiy hisobda 9 ming 744 ta yashirin ovoz berish kabinasi, 11 ming 874 ta ovoz berish qutisi hozirlab qo‘yildi. Bir so‘z bilan aytganda, saylov bo‘lib o‘tadigan barcha maskanlarda aholi uchun zarur shart-sharoit va qulayliklar yaratildi.
Bugun jamiyatimizda, davlat tashkilotlari faoliyatida “mahallalar kesimida ishlash”, “xalq ichiga kirish”, uning “dardiga qulok solish”, “tashvishiga sherik bo‘lish” va “muammolarni joyida xal etish” tamoyillari tobora mustahkamlanib bormoqda. Barcha darajadagi rahbarlarning o‘z sohasi bo‘yicha mahallalardagi muammolarni o‘rganishi va ularga yechim topishi, natijani ta'minlashi ular faoliyatini baholashda bosh mezon sifatida belgilanmoqda.
Zero, 2022 — 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida o‘zini o‘zi boshqarish organlarining faoliyatini har tomonlama yaxshilash, jamoat boshqaruvida mahalla faoliyatining ahamiyatini oshirish, uni xalqqa amaliy yordam ko‘rsatuvchi mustaqil, kuchli va ta'sirchan fuqarolik institutiga aylantirish vazifasi qo‘yilgan.
Mana shu maqsadlarga erishishimizda bugun biz saylayotgan mahalla raislari yetakchi kuch bo‘lishini, sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning yakuniy natijasi ular faoliyatining samaradorligi bilan belgilanishini nazarda tutsak, bugungi saylovlar jarayoniga har birimiz qanchalik yuksak mas'uliyat bilan yondashishimiz zarurligini teran anglab yetamiz.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva