Qozon Milliy tadqiqot texnologiya universiteti rahbariyati o‘zbekistonlik talabalarning yuqori akademik ko‘rsatkichlarini eʼtirof etdi
Mamlakatimiz Bosh konsulligi xodimlarining Qozon Milliy tadqiqot texnologiya universitetida tahsil olayotgan vatandoshlar bilan uchrashuvi tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir avvalida Bosh konsul F.Nasriyevning Qozon Milliy tadqiqot texnologiya universiteti rektori vazifasini bajaruvchi Yu.Kazakov bilan alohida muloqoti o‘tkazdi. Suhbat chog‘ida tomonlar ilmiy-maʼrifiy, madaniy-gumanitar sohalardagi o‘zaro hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab oldilar.
Vatandoshlar bilan uchrashuvda ularning eʼtiboriga O‘zbekiston hukumati tomonidan barcha yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan islohotlar, so‘nggi yillar mobaynida erishilgan ijtimoiy-siyosiy taraqqiyot darajasi haqidagi dolzarb maʼlumotlar taqdim etildi. O‘zbekistonda amalga oshrilayotgan konstitutsiyaviy islohot, taklif etilayotgan o‘zgartishlarning mazmun-mohiyatiga alohida eʼtibor qaratildi. Talabalarga Rossiya qonunchiligiga rioya qilish, turli yot g‘oyalar oqimlar taʼsiriga tushib qolishdan ogoh bo‘lishliklari qayd etildi.
Universitet rahbariyati, o‘z navbatida, o‘zbek talabalarining yuqori akademik ko‘rsatkichlari, ularning ijtimoiy faolligini qayd etdi, shuningdek, vatandoshlarimiz bilan ishlashda ko‘rsatilayotgan eʼtibor va ko‘magi uchun Bosh konsulxonaga minnatdorlik bildirdi.
Tadbir so‘ngida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga o‘zbek diplomatlaridan atroflicha javob oldilar.