Tataristonda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumani muhim mavzuga bag‘ishlandi
O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulligi tomonidan joriy yil 9 iyul kuni mamlakatimizda o‘tkaziladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezident saylovi yuzasidan Tatariston Respublikasining yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda Tatariston Respublikasi o‘zbeklarining milliy-madaniy avtonomiyasi raisi Abdumannob Abdusatarov va Tatariston Respublikasi Xalqlar do‘stligi uyining direktori Irek Sharipov ham ishtirok etdi.
Tadbir chog‘ida mamlakatimiz Bosh konsuli Fariddin Nasriyev oldinda turgan ushbu muhim siyosiy tadbirga oid barcha maʼlumotlarni jurnalistlarning eʼtiboriga havola qilgani barobarida ularni qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytardi.
“Realnoye vremya” internet-gazetasi, “Tatar-inform”, “Shahri Kazan” elektron nashri va boshqa mahalliy ommaviy axborot vositalari sahifalarida ushbu matbuot konferensiyasi, mamlakatimizda bo‘lib o‘tajak Prezident saylovi, Tataristonda O‘zbekiston fuqarolarining ovoz berishlari tafsilotlariga oid qator xabar-maqolalar o‘quvchilar eʼtiboriga havola qilindi.